Prezident harbiylarning farzandlari uchun qurilgan bog‘chani ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim tizimini yuksaltirish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joylarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy bog‘chalar qurilib foydalanishga topshirilmoqda.

Surxondaryo viloyatida o‘tgan yili 288 maktabgacha ta’lim muassasasida 3-7 yoshli bolalarning 11,6  foizi qamrab olingan bo‘lsa, ayni paytda 355 ta davlat va 177 ta nodavlat bog‘chada jami bolalarning 24,3 foizi tarbiyalanmoqda. Yil  oxirigacha  bu  ko‘rsatkichni  32,3 foizga  yetkazib, 74 ming o‘g‘il-qizni zamonaviy  bog‘chalarga qamrab olish rejalashtirilgan.

Denov tumanidagi Bog‘i Eram mahallasida «Mehnat farovon hayot» fermer xo‘jaligi tomonidan 150 o‘rinli “Smart kids” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etildi. Ikki qavatli mazkur bog‘cha chet tillarga ixtisoslashgan bo‘lib, bolalar ingliz, rus va koreys tillari bo‘yicha 5 ta guruhda tarbiyalanadi. Bundan tashqari, bog‘chada sport, musiqa va san’at turlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Maktabgacha ta’lim muassasasida asosan shu hududdagi harbiy shaharchada yashayotgan harbiylarning, shuningdek, mahalliy aholining farzandlari tarbiyalanmoqda. Bog‘chaga ishga qabul qilingan 22 tarbiyachining 14 nafari harbiylarning turmush o‘rtoqlaridir.

Davlatimiz rahbari bog‘chada yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, tarbiyachilar bilan muloqot qildi. Bog‘cha tarbiyalanuvchilari Prezidentimizga 5 ta tashabbus haqida she’r aytib berdi. Davlatimiz rahbari bolalarga sovg‘alar topshirdi.

Prezidentimiz bog‘chalarda bolalar ma’naviy boy bo‘lib ulg‘ayishiga ko‘proq e’tibor qaratish, bog‘chani qurgan tadbirkorning xayrli ishini keng targ‘ib qilish kerakligini ta’kidladi.

– Tadbirkorlarimizning sharoitni tushunib, bog‘chalar qurayotgani hozirgi siyosatimizga ko‘mak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bunday bog‘chalar asosiy e’tiborni bola tarbiyasiga qaratadi, davlat bog‘chalari bilan raqobatda ishlaydi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, shu yerda Maktabgacha ta’lim vazirligi va «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan mobil va modul bog‘chalar taqdimoti o‘tkazildi.