Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilari davlat va chet tillarini mukammal bilishi shart

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil 9 sentyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi.

Prezident maktablari;

tasdiqlangan shtat jadvalini va ularni moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda Xalq ta’limi vazirligining hududiy organlari huzuridagi Abdulla Oripov, Hamid Olimjon va Zulfiya, Muhammad Yusuf, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy, Halima Xudoyberdiyeva va Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktablari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi;

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati va Abu Ali Ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati  Agentlikning idoraviy bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining davlat va chet tillarini mukammal bilishi, Prezident maktablari bitiruvchilarining kamida 20 foizi xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida dastlabki 1 000 ta pog‘onani egallagan yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi talab etiladi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilariga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga ega boshqa tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, yirik kompaniya va birlashmalarga ishga joylashishda ko‘maklashiladi.

Agentlik huzurida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Ijod maktablarida har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 20 nafarni tashkil qiladi, 7-sinflarga qabul qilish esa ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari muntazam ravishda ijod maktablarida o‘quvchilarning ijodiy iste’dodini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar olib boradi.