Prezident: "Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas"

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat va jamiyatimiz hayotining barcha sohalari qamrab olingan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida xalqimiz bugungi keng ko‘lamli o‘zgarishlarga katta ishonch bilan qarab, tezroq ularning samarasini ko‘rishni istayotganini ta’kidladi.

"Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz.

Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz.

Bu maqsadga erishish uchun esa dunyodagi noyob demokratik tuzilma bo‘lgan mahalla institutining katta imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, pirovard natijada mahallani jamiyatimizning hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylantirish vazifasini o‘z oldimizga qo‘ymoqdamiz.

Muxtasar aytganda, mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakat obod bo‘ladi", dedi Prezident.