Prezident meni nega esladi yoxud gidrometeorologiya kerakmi?

U faqat ob-havo ma’lumoti bilan shug‘ullanadigan tashkilot emas.

Davlatimiz rahbari mazkur xizmat muhokamasi bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida Samarqand viloyatida rahbarlik qilgan yillarini yodga oldi: “Esingizdami, Odil Mirzayev har tong qabulimga ma’lumotlari bilan kelib turardi”, dedi rahbarlardan biriga.

Prezident meni nega esladi?

Yo‘q, bu yerda gap men haqimda emas. Sohaning jamiyat hayotida tutgan o‘rni haqida ketayotgandi. Negaki, o‘sha paytda Sh.Mirziyoyev viloyatning birinchi rahbari sifatida deyarli barcha ishlarni gidrometeorologik ma’lumotlar asosida tashkil qilishga harakat qilardi. Yig‘ilishda buni xotirlashdan maqsad, gidrometeorologiyaning o‘rni va ahamiyatini aniq hayotiy misollarda ochib berishdan iborat edi.

To‘g‘ri, bugun gidrometeorologiya xizmatining moddiy-texnik bazasi eskirgan. Ammo o‘sha 2000 yillarda mavjud uskunalar asosida tayyorlangan ma’lumotlar ko‘pgina sohalar faoliyatida muhim ahamiyat kasb etgandi.

Misol uchun, qishloq xo‘jaligi ekinlari, jumladan, chigitni yerga qadash uchun tuproqda belgilangan namlik, ob-havo harorati kerak. U qaysi hududda qachon bo‘ladi? Bu gidrometeorologik ma’lumotlarda aks etadi. Shu ma’lumotlar asosida ish tashkil qilinishi ortiqcha ovoragarchiliklarga o‘rin qoldirmaydi. Qolaversa, sifat va samara ortishiga xizmat qiladi.

Aytilgan muddatda chigit ekilmagach, g‘o‘za unib chiqishi qiyinlashadi, hosildorlik kamayadi. Tuproqda namlik me’yori bo‘lsa-yu, ob-havo harorati me’yordagidek bo‘lmasa, yoki aksincha bo‘lsa yana gidrometeorologiya ma’lumotlariga qaralardi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz bugun aksariyat mamlakatlarda katta pulga olinadigan, bizda esa qariyb tekin beriladigan gidrometeorologiya xizmatining qadri tushib ketganiga alohida e’tibor qaratdi.

Har kim ob-havoga qiziqadi. Ammo ...

E’tibor qilganmisiz, dehqon ham, cho‘pon ham osmonga qaraydi. Ob-havoning avzoyi uning ishini, kelgusida daromadini belgilaydi.

Aslida, gidrometeorologiya xizmati nafaqat qishloq xo‘jaligi, shu bilan birga energetika, transport va ekologiya kabi bir qancha sohalar uchun juda muhim. Misol uchun, biron binoga poydevor qurish uchun ham ob-havo ma’lumoti kerak. Chunki u yog‘ingarchiliksiz o‘tgan 20-25 kunda qurisa mustahkam bo‘ladi.

Sohadagi 45 yillik faoliyatimdan bunga yuzlab misollar keltirishim mumkin. Misol uchun, 2008 yilgacha tog‘larda qancha qor borligi, birinchi vegetatsiya davrida viloyatimizga qancha suv kelishini gidrogeologlarimiz bilan o‘rganib kelardik.

Umuman, gidrologlar har bir soy, Zarafshonning har bir irmog‘i bo‘yicha ma’lumot yig‘ib, suvni qayerda qancha sarflash mumkinligi aytib beradi.

Agrometeorologlar tuproqning harorati, namligini o‘lchaydi. Bugun Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Nurobod tumanlari va Samarqand shahrida agrometeorologik stansiya va bo‘limlari bor. Kech kuzgacha o‘simlikning rivojlanish jarayonini kuzatib, olinadigan hosilni prognoz qilib beradi. Aniqrog‘i, o‘sib chiqqandan rivojlanish fazasi to‘g‘ri ketyaptimi, yo‘qmi kabi savollarga javob beradi.

Ular hatto lalmi joylardagi yaylovlarda qancha o‘t, qancha miqdorda o‘sishigacha ma’lumot qilib bera oladi. Afsuski, yillar davomida e’tibor berilmagani oqibatida sohaning bu kabi muhim yo‘nalishlari zamondan orqada qolib ketdi.

Moddiy-texnik baza yetarlimi?

Yig‘ilishda bu masalaga Prezidentimiz alohida e’tibor qaratdi. Moddiy-texnik bazani kuchaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Bir qarashda oddiy tuyulgan masalaning zamirida shu yurt, shu xalq uchun kuyunchaklik yotganini hamma ham tushunavermaydi. Negaki, sanoat rivojlangani sayin yer usti suvlari va havoning ifloslanishi kuzatiladi. Ammo uni oldindan kim aniqlaydi? Tabiiyki, gidrometeorologiya xizmati.

Bugun Toyloq tumani Ravotxo‘ja mahallasi, Farhod shaharchasi va Kattaqo‘rg‘on tumanida Zarafshon daryosi suvi o‘lchanadi. Tuproq tarkibi yilda ikki marta tahlil qilinadi. Ob-havoning tozaligi bo‘yicha Samarqand shahrida 4 ta postimiz bor. Har kuni uch mahal laboratoriya tahlillari o‘tkaziladi. Shu orqali qaysi hududda qaysi bir ximikat ko‘tarilayotgani haqida ma’lumotlar jamlanadi. Masalan, hozir havoning eng ko‘p ifloslanishi avtotransport vositalaridan chiqayotgan gazlar bilan bog‘liq.

Davlatimiz rahbari xalqaro standart bo‘yicha qaralsa, yurtimiz hududida 4 mingta stansiya bo‘lishi zarurligini, amalda esa 335 tagina borligini qayd etdi. Demak, ularning soni yanada ko‘paytiriladi.

Quvontiradigani shuki, 2022 yilda Samarqandda zaxira ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha mintaqaviy xab tashkil qilish haqida ko‘rsatma berildi. Umuman olganda, Jahon meteorologiya tashkilotining mintaqaviy markazi hisoblanadigan O‘zgidrometning maqomini saqlab qolish uchun nimaiki kerak bo‘lsa, qilinadigan bo‘ldi.

Uskunalarni kim ishlatadi?

Sobiq ittifoq davrida Odessa va Sankt-Peterburgda soha uchun oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanardi. Keyinchalik O‘zbekiston milliy universitetda bo‘lim ochildi.

Bildirgan takliflarimiz asosida Samarqand davlat universiteti geografiya fakultetida soha uchun kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Gidrometeorologiya kafedrasi bor. Ammo bu bugungi talabga javob bermaydi. Negaki, SamDUda har yili 25 nafar talaba qabul qilinadi. Buni ko‘paytirish bo‘yicha taklif berganmiz. Hech bo‘lmaganda sirtqi yo‘nalishda kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda. Kelgusi o‘quv yilidan bu g‘oya amalga oshadi, degan umiddamiz.

Bugungi kunda Ozarbayjonning Boku davlat universiteti SamDUning gidrometeorologiya fakulteti o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan. O‘tgan yili pandemiya sababli talabalar almashish imkoni bo‘lmadi. Ammo karantin talablari yumshagach, qardoshlarimizni nafaqat osori-atiqalarimiz, balki tabiat va relefimiz bilan tanishtiramiz.

Prezidentimiz tashabbusi bilan yangi davlat mukofoti – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan gidrometeorolog faxriy unvoni joriy qilinayotgani soha xodimlariga bo‘lgan yuksak e’tibor g‘amxo‘rlik namunasi bo‘ldi.

Odil Mirzayev,

gidrometeorologiya faxriysi.