Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyga jo‘nab ketdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun Xitoyga jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda human.uz.
Mazkur forum ishida 40 dan ziyod xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlarining ishtirok etishi kutilmoqda. Anjuman kun tartibidan mintaqadagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, uzoq muddatli taraqqiyotning yangi manbalarini izlab topish borasidagi sheriklikni faollashtirish, “yashil” iqtisodiyot va innovatsiyalarni ilgari surish, ustuvor infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari o‘rin olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXR Raisi Si Szinpin va Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi Raisi Li Chjanshu bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Shuningdek, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Prezidentimizning forumda ishtirok etadigan xorijiy davlatlar delegatsiyalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari amaliy tashrif bilan Xitoyda 27 aprelga qadar bo‘ladi.