Prezident ta’lim muassasalari baholash tizimi umumta’lim maktablariga joriy etilyapti

2023 yilda viloyat bo‘yicha 68 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etildi. Endilikda 5 ballik tizim o‘rniga mezonga asoslangan 100 ballik baholash  tizimi tajribadan o‘tayapti. O‘qituvchi yangi baholash tizimida o‘quvchining darsga qatnashishi, faolligi, uyga vazifani bajarishiga qarab unga ball berib boradi. 

Viloyat Matbuot uyida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda ma’lum qilindi.

- 2024 yilda viloyat bo‘yicha qo‘shimcha 100 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etiladi, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Farrux Boltayev. – Shu paytgacha bunday baholash tizimi Prezident ta’lim muassasalarida qo‘llanilayotgan edi. Yangi tartibga ko‘ra, xorijiy tajribalar asosida ishlab chiqarilgan yangi baholash tizimi maktablarda ham joriy etiladi.

Shuningdek, matbuot anjumanida o‘tgan yilda maktabgacha va maktab ta’limida erishilgan yutuqlar tilga olindi. Xususan, maktablarning 416 ta kompyuter sinfiga 6656 dona kompyuter olib berilgan bo‘lsa, 129 ta maktab 135 dona elektron doska bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, 16 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ikkinchi xorijiy til hamda bitta kasbga o‘rgatish joriy etilgan. 56 619 nafar o‘qituvchining uzluksiz kasbiy malaka oshirish platformasi orqali malakasi oshirilgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotining 1080 nafar rahbar va xodimlari malaka oshirish institutida o‘qitilgan. “Samarqand tajribasi” sifatida mobil metodik guruhi tashkil qilinib, 2766 nafar o‘qituvchining bilim darajasi oshirilgan.

Bundan tashqari, tadbirda o‘qituvchilar attestatsiyasi, ma’naviy va ma’rifiy ishlar, keyingi rejalar haqida gapirildi. Soha mutasaddilari jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Xurshida ERNAZAROVA.