Prezidentga va’da berdim: Samarqand tajribasi yoshlar uchun namunaviy yo‘l bo‘ladi
Davlat rahbarining Samarqandga tashrifi davomida so‘zga chiqish men uchun sharaf bo‘lishi bilan birga, juda katta mas’uliyat hamdir.
Prezidentimizning yoshlar masalasiga bo‘lgan yuksak e’tibori, ularga bildirilgan ishonchi bizning har bir ishimizda asosiy yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qiladi. Prezidentimiz yoshlarni davlatimizning tayanchi, ertangi kun poydevori sifatida e’tirof etar ekan, bu fikr qalbimga chuqur yetib bordi va menga o‘zgacha ruh berdi. Chunki bizning kundalik mehnatimiz aynan shu yo‘nalishga — yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash va ularning kelajagini yaratishga qaratilgan.
Tashrif davomida yoshlar bandligini ta’minlash, ishsizlikni kamaytirish, ularni kasbga yo‘naltirish va qo‘llab-quvvatlash borasida belgilangan vazifalar yuzasidan o‘z fikrlarimni bildirdim. Prezident topshirig‘iga muvofiq, hududlarda tegishli tashkilotlar, jumladan DXX bilan hamkorlikda ishsiz yoshlarni band qilish va ularni ijtimoiy hayotga tayyorlash ishlari yanada tizimli yo‘lga qo‘yilgani ayni muddao ekanligini aytdim. Shuningdek, viloyatda oshib borayotgan ko‘rsatkich, jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha namunaviy ish rejasi ishlab chiqib, 15 dekabrga qadar batafsil hisobot taqdim etilishini va bu Samarqand tajribasi bo‘lishini bildirdim.
Davlat rahbarining so‘zlari va qo‘llab-quvvatlashi mening shaxsiy mas’uliyatimni yanada oshirdi. O‘sha daqiqalarda butun faoliyatim, olgan saboqlarim va bosib o‘tgan yo‘lim ko‘z oldimdan o‘tdi. Endi har bir tashabbus, har bir qaror yoshlarning kelajagiga qanday ta’sir qilishi bilan o‘lchanishi zarurligini chuqur his qildim. Chunki yoshlar bilan ishlash — bu nafaqat xizmat, balki taqdirlarga ta’sir qilish, kelajakni shakllantirish demakdir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, endi qog‘ozdagi chiroyli rejalar emas, balki amaliy ishlar va aniq natijalar talab qilinadi. Biz ham ushbu yondashuvdan kelib chiqib, tizimni qayta ko‘rib chiqyapmiz, yangi loyihalar va samarali mexanizmlarni joriy etyapmiz. Yoshlarning bandligi, tarbiyasi, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, jinoyatchilik profilaktikasi va iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, bular bizning asosiy ustuvor yo‘nalishlarimizdir.
Dilfuza Azizova,
viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi.