Prezidentimizning "Men nafaqat o‘zbek xalqining, balki qoraqalpoq xalqining ham farzandiman", degani bu yerlik tengdoshlarim uchun yuksak e’tirof

1 iyul kuni Nukus shahrida to‘satdan agressiya unsurlari mavjud bo‘lgan noqonuniy namoyishlar uyushtirilgani haqida ijtimoiy tarmoqlardan o‘qib qoldim. Buzg‘unchi guruhlar va provokatorlar yig‘ilgan fuqarolar bilan aralashib, ma’muriy binolar majmuasidagi davlat muassasalarini egallab olishga uringani xunuk holat.

Aqli-hushi joyida odam bu ishlar ortida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishga urinilayotganini anglaydi.

Bu jarayonlarga bilib-bilmay aralashib qolayotgan tengdoshlarimga provokatsion to‘lqinlar, buzuq niyatli kimsalarning g‘ayri harakatlaridan ogoh bo‘lishga, ularning nishoniga aylanib qolmaslikka chaqiraman.

Keyingi yillarda Qoraqalpog‘istonda qanchalik o‘zgarishlar bo‘lganiga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda Toshkentdagi "Yangi O‘zbekiston" bog‘ida Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanadagi nutqida alohida ta’kidladi: "Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish strategiyasi qabul qilganmiz, har bir ovulini rivojlantirish uchun alohida mablag‘ ajratganmiz.

5 yil oldin Mo‘ynoq va Bo‘zatov qanaqa edi? Hozir Bo‘zatov yoshlari bilan uchrashdim, qo‘shiq aytdim. Bo‘zatov O‘zbekistonning madaniy o‘chog‘i, madaniy markazi bo‘ldi. Tanti qoraqalpoq xalqini yuragimdan e’zozlayman".

Shu bilan birga "G‘urur bilan aytamanki, men nafaqat o‘zbek xalqining, balki qoraqalpoq xalqining ham farzandiman, deb yana bir marta takrorlamoqchiman", dedi.

Davlatimiz rahbarining bu e’tiroflarini so‘z bilan ifodalash qiyin. Unga munosib bo‘lish kerak.

Men yosh tadbirkor sifatida qoraqalpog‘istonlik tengdoshlarimga qo‘limdan kelgan yordamni berishga bel bog‘laganman. Bugungi kunda korxonamizda 55 nafar yoshlar ishlaydi, erkaklar kiyimi ishlab chiqarish bilan shug‘ullamiz. Shu bilan birga yaqinda Nukus tumanida “URGUTINI AKMANGIT TEXTILE” korxonasini tashkil etdim. Maqsadim - tengdoshlarimga yanada ko‘proq ish o‘rni yaratish, ular bilan birga sifatli mahsulotlar yetishtirish.

Majidxon Islomov,

Urgut tumanidagi “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi rahbari.