Prezidentning sobiq davlat maslahatchisi Mavlon Umurzoqov: “Shipshuvchi”lar aslida kimning do‘sti?

Rahbar kadrning eng muhim fazilatlaridan biri adolatparvarlik bo‘lib, u o‘z ishini, hukm va qarorini adolat asosiga qurmas ekan, uning hamma mehnati zoye ketishi mumkin. Chunki adolatsiz ish – poydevorsiz imoratga o‘xshaydi! Kadrlar bilan ishlar borasida ko‘z ilg‘amas yana bir xavfli illat bor. Bu rahbar qulog‘iga “shipshish” odatidir. Bunday “mahorat”ni egallaganlar undan foydalanishni ham yaxshi biladilar.

Amaldor bor ekan, bunday “shipshish”lar ham bo‘lishi balki tabiiydir. Biroq, “shipshuvchi”lar aslida kimning do‘sti? Hayot shuni ko‘rsatadiki, odatda, “shipshi”gan zotlar doimo o‘z yo‘liga g‘ov bo‘layotgan yoki o‘z tor maqsadlariga xavf solayotgan kimsalar haqida “axborot” to‘playdi. Ular bunday ma’lumotlar to‘plashda oq-qorani ajratib o‘tirmaydi. Oshkor va halol yo‘lda zarba bera olmagan o‘z raqibini oyog‘idan chalsa bas. Ba’zan, ular raqibidan o‘ch olishning boshqa usullarini qo‘llashdan ham toyishmaydi. Rahbar qulog‘iga biri raqibi ustidan “luqma” tashlaydi, ikkinchisi uni tasdiqlab o‘tadi, uchinchisi esa “yollangan” odamni rahbar qabuliga kiritib yuboradi. Mana shunday usullar qo‘llanishi davomida ko‘plab sof vijdonli kishilar aybsiz aybdor bo‘lishi mumkin.

O‘zA.