Proaktiv shaklda pensiya tayinlash qanday amalga oshiriladi?

Ushbu shaklda pensiya tayinlashning o‘zi nima, u qanday tartib?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 oktyabrdagi “Aholiga pensiya tayinlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori (PQ–353-son, 31.10.2023 y.)ga asosan 2025 yil 1 martdan boshlab fuqarolarga yoshga doir pensiyalarni  belgilangan yoshga to‘lishi munosabati bilan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi.

Proaktiv shaklda pensiya tayinlash bu erkaklar 60 yoshga va ayollar 55 yoshga to‘lganda fuqarolardan alohida murojaat t’lab etilmagan holda Pensiya jamg‘armasining axborot tizimi orqali tegishli vazirlik va idoralararo axborot almashinuvi asosida olinadigan fuqaroning ish staji, ish haqi hamda boshqa ma’lumotlariga asosan davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartib va me’yorlarga muvofiq tayinlanishidir.

Ta’kidlaganimizdek, bu tartib 2025 yil 1 martdan fuqarolarga yoshga doir pensiyalarni “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan yoshga to‘lishi munosabati bilan joriy etiladi. Fuqarolarga pensiya yoshiga yetib mehnat faoliyatini davom ettirgan holda keyinchalik yoshga doir pensiyaga chiqish istagini bildirganida proaktiv shaklda tayinlangan pensiyani rad qilish huquqi beriladi.

2025 yil 1 martgacha fuqarolarga pensiya tayinlanishi yoki pensiya miqdoriga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etish yuzasidan fuqaroning mobil aloqa vositasiga SMS-xabar yuborish tartibi joriy etiladi.

Abdurashid Rahimov,

viloyat pensiya jamg‘armasi boshqarmasi shu’ba mudiri.