Professor hayot haqida savol qo‘ydi

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori Mamayunus Pardayev bugungi karantin sharoitida uyda, farzandu nabiralar davrasida ham bekor o‘tirgani yo‘q. Domla ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, kitoblarni o‘qib, hayot falsafasi haqidagi fikrlarini o‘rtaga tashlamoqda.

“Qadrdonim! Buni Sizga ilindim. Karantin paytida bekor o‘tirmaylik. Bir o‘zimizga ham nazar tashlab qo‘yaylik, – deb yozadi Mamayunus aka. – Hayotiga bir nazar tashlash odamning o‘z hayotini tushunish imkonini beradi. Bunday imkoniyat Sizda paydo bo‘ldi.

“Hayot – bu nima?”, degan savolga telegramning “Qalbimda sensan” kanalida 50 ta izoh berilgan ekan. Biz ham diqqat bilan qarab chiqib, hayotning boshqa jihatlarini tahlil qilib, ularning sonini 150 taga yetkazdik.

Diqqat bilan nazar solsangiz, hammasi haqiqatda hayotning o‘zi. Bundan ham ko‘rinib turibdiki, hayot shunchalik serqirraki, undan har bir inson o‘zining o‘rni va yo‘lini topishi uchun unga o‘ta ziyraklik bilan yondashmog‘i lozim ekan.

Xuddi shunday hayotning har bir jihatiga izoh berish mumkin. Buni har bir kishining o‘ziga havola qilamiz. Diqqat bilan mushohada qilib ko‘raylik:

Hayot - bahona;

Hayot - shohona;

Hayot – qismat;

Hayot – nafas;

Hayot - qafas;

Hayot - havas;

Hayot - baxt;

Hayot - vaqt,

Hayot - mehr,

Hayot - qahr...”.

Professorning fikrlarini boshqalar ham davom ettirib, “HAYoT”ga 250 dan ortiq ta’rif berishgan:

“Hayot – bu tashvish. Chunki odamlar turli xayrli va iztirobli tashvishlarni boshidan kechirib yashaydi”.

“Hayot - bu tajriba. Xato-kamchiliklar va muvaffaqiyatlar odamni mukammallashtirib, tajribasini orttirib boradi”.

“Hayot - bu yugurish. Chunki hayot tezlashib ketgan bir pallada hayotdan orqada qolib ketmaslik uchun yugurishga ham to‘g‘ri keladi”.

Bizning katta kamchiligimiz birovlarni juda yaxshi o‘rganamiz. Ayniqsa, kamchiliklarini zavqlanib gapirib ham yuramiz. Afsuski, hech kim o‘ziga necha “pullik” odamman deb savol bermaydi va mos ravishda o‘zimizni, hayotimizni yaxshi bilmaymiz. Zora, shu ishimiz odamlarga bir chimdim bo‘lsa ham o‘ziga nazar solishni o‘rgatsa, deb fikrlarini xulosalaydi olim.