Publitsistika: Dardingni olay, dunyo!
Bolaligimda juda serdard edim. Har zamon-har zamonda issig‘im ko‘tarilib, isitma qilib turganim hamon yodimda. Shunda otam anor siqib berib, o‘zlaricha muolaja qilgan bo‘lardilar va bir-ikki kun yotib, yana o‘ynab ketardim. To‘rtinchi sinfda o‘qiyotgan paytimda sariq kasali bilan og‘ridim. Sariq kasaliga maynaning go‘shti dori ekanligini eshitgan Muyassar ammam allaqayoqdan mayna tutib pishirib kelganlari va qushning chuchmal ta’mli go‘shtini otamdan qo‘rqqanimdan ijirg‘anib-ijirg‘anib yeganimni kechagiday eslayman.
O‘shanda shu bemaza taomni pishirib kelgan ammamni rosayam yomon ko‘rib ketganimni eslasam, allanechuk bo‘laman. Keyinchalik bildimki, u kishining o‘z farzandlari bo‘lmay, bor mehrlarini bizga qo‘ygan ekanlar. Biroq mayna go‘shtidan naf bo‘lmadi chog‘i, meni tumanimiz markazidagi Qo‘rg‘on shifoxonasiga yotqizishdi. Yigirma kun davomida achchiq dorilar va emignaning jabrini tortib sog‘ayganimdan so‘ng ham qariyb bir oy uyda o‘tirib, keyin maktabga borganman. Shu-shu bo‘ldiyu ortiq isitmam chiqib, og‘rimaydigan bo‘ldim. Harbiy xizmat davrimda shamollab, bir oycha gospitalda davolanganman. Keyinchalik qirq yoshimda gripp bilan og‘rib penitsillin bilan tuzalganimga yigirma besh yildan oshib ketgandi. Shundan buyon arzimas tumov-yo‘tallarni hisobga olmaganda, biror marta ham jiddiy og‘rimagan, kasalxonalarda davolanmagan va hatto, gripp bo‘lganimda ham yengil-yelpi, oyoqda o‘tkazib kelardim.
Ammo shu yil avgust oyining o‘rtalarida o‘zimni yomon seza boshladim. Dastlab tomog‘im og‘rib, yutinishim qiyinlashib qoldi. So‘ngra issig‘im ko‘tarilib, isitma qildim. Haroratim 39 darajadan ham yuqorilab ketdi.
G‘amingdan o‘t yonib tushdi bugun jonu jahonimga,
Olovdan parchalar ko‘pchib, ki har bir ustuxonimga.
Kuyib yondim jahannamda, qani kavsar suvi, jono,
Saqardin laxchalar yog‘di go‘yo donu somonimga.
Vujudim o‘t tushib kuydi, misoli xoru xaslardek,
Ajab, suv ham olovdek etdi ozorin omonimga.
Ilondek to‘lg‘onib chiqdim, tanamda toqatim qolmay,
Go‘yo olam to‘lib toshdi alamli oh-fig‘onimga.
Xudoyberdi, tilarman, endi sendin iltijo aylab,
Ol endi otashingni, yor, rahm etgil bu jonimga.
Bir hafta davomida uyda dori, emigna vositasida davolanib, isitmam sal tushdi. Biroq asta-sekin nafas olishim qiyinlasha boshlagach, turmush o‘rtog‘im bilan Samarqand shahrida tashkil etilgan viloyat koronavirus kasalligidan davolash markaziga borishga majbur bo‘ldik. Bizni qabul qilgach, zudlik bilan muolajani boshlab yuborishdi.
Eng qizig‘i shundaki, Xitoyning Uxan shahrida paydo bo‘lib, butun dunyoga yashin tezligida tarqalgan bu dard odatiy kasalliklarga o‘xshamasdi. Boshim og‘rimasdan faqat miyam qizidi. Uyqu tamoman tark etdi. Ba’zan pinakka ketib ko‘zim yumilishi bilan bosinqirab, alg‘ov-dalg‘ov qo‘rqinchli manzaralar ko‘zimga ko‘rinardi. Go‘yo meni bir maraz gazanda chaqqanu uning zahari a’zoi badanimga tarqalib ketgandek. Ayniqsa, tinkai madorim qurib, nafas olishim qiyinlashib qolgandi. Ahvolim shu darajaga bordiki, o‘tirishga ham majolim qolmadi. Bir necha kun davomida kislorod bilan to‘yintirilgan havo berib turishdi. Tinimsiz dori-darmonlar bilan muolaja qilishdi. Nihoyat, sakkizinchi kun deganda, qonim tarkibidagi kislorod miqdori me’yoriga yetdi. Yana ikki kun davomida o‘zim mustaqil nafas ola boshlaganimdan so‘ng, davolanishni davom ettirish sharti bilan uyga ketishimizga ruxsat berishdi.
Markazda davolanish uchun yotganim o‘n kun davomida nimalarga guvoh bo‘lmadim deysiz. COVID-19 kasalligidan azob chekayotgan keksa bemorlar, burnidan chertib yuborsang yiqilgudek tobga kelgan polvonsifat yigitlar, nafas olishga qiynalib yotgan kishilar, qo‘yingki bu yerda hayot bilan o‘lim orasida beomon jang ketayotgandek edi.
Ko‘p savdo ko‘rdim dunyoda, nonning savdosini ko‘rdim.
Qaymoq savdosini ko‘rdim, qonning savdosini ko‘rdim.
Hatto vaqt ham sotilgaydir, bozorda non sotilgandek,
Yilning savdosini ko‘rdim, onning savdosini ko‘rdim.
Kimdir talashar nomus deb, yuzsizga zarra yo‘q qadri,
Shuhrat savdosini ko‘rdim, shonning savdosini ko‘rdim.
Amal – savdo, taqal – savdo, samar – savdo, kamar – savdo,
Beklik savdosini ko‘rdim, xonning savdosini ko‘rdim.
Komil bo‘ldi ko‘rganlarim, qo‘l siltashib turganlarim,
Umrimda birinchi bora jonning savdosini ko‘rdim.
Shubhasiz, kurashning oldingi marralarida shifokorlar turishardi. Ularning hammasi go‘yo o‘zga sayyoradan kelib qolgan fazogirlarga o‘xshar edilar. Men bugun ularning birortalarini ham qiyofalarini eslay olmayman. Chunki ularning barchalari kosmonavtlardek kiyinib, niqob taqib olishgan, hammalari bir-birlariga o‘xshab ketishardi. Shifokorlar, hamshiralar va sanitarlarning ismlarini faqat yelkalaridagi yozuvdan o‘qib bilib olish mumkin, xolos. Bevosita bizga xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimlarini nomma nom sanab berishim mumkin: Olimjon, Qobiljon, Bahodirjon, Zafar, Farhod, Nodira, Nasiba, Dilrabo, Muharram, Maftuna, Shahnoza, Oysanam, Dilfuza, Shahlo, Nafosat, Mashhura, Zulfiya, Nargiza, Go‘zal... Afsuski, davolovchi opa-singil vrachlar: Navbahor va Shohida Xushvaqtovalardan boshqa birortalariniyam familiyalarini bilmayman. Ularning birlari bizga muolaja tayinlashar, boshqalari dori berib, emigna sanchishar, yana boshqalari palataga ovqat keltirib, tozalik-ozodalikni ta’minlab turishardi. O‘n kun davomida ularning birortalaridan yomon gap yoki qilgan xizmatlari uchun minnat eshitmadik. Fursatdan foydalanib, oq xalatli salomatlik posbonlariga ko‘pchilik bemorlar nomidan minnatdorlik izhor qilaman. Dori-darmonlar va kuniga uch-to‘rt marta go‘shtli issiq ovqat bir marta foydalaniladigan idishlarda berib turildi. Taomlar orasida har turli vitaminlar, tuxum va meva-chevalar bilan ham siylab turishdi. Shu davr ichida biror kishi bir tiyin ham tama qilmadi. Eng muhimi, shifoxonada odamlar tabaqaga ajratilmay, hammaga birdek xizmat ko‘rsatilayotganiga guvoh bo‘ldik.
Ana shunda kishi mamlakatimizda inson manfaatlari hamma narsadan ustun ekanligi haqidagi shiorlar shunchaki quruq gap emasligini to‘la his qiladi. Avvalo, o‘tish davrlari qiyinchiliklariga qaramasdan, shuncha ko‘p bemorni sig‘diradigan inshootlar barpo etilgani, yana institut va kollejlarda ming-minglab tibbiyot mutaxassislarining tarbiyalab yetishtirilgani xuddi kelajakni oldindan ko‘rib qilingan ishlarga o‘xshab tuyuladi. Axir, bugungi kunlarda dunyoning mana man degan qudratli davlatlari ham kovid bemorlariga davolanish uchun joy topib berolmayotganligi, oqibatda o‘limlar soni ko‘payib, marhumlarni ko‘mishga ulgurolmay, krematoriylarda kuydirib yuborilayotganligi haqidagi xabarlarni eshitib kishining yuragi junjikadi. Men shifoxonada yotganim o‘n kun davomida kasallarga joy bo‘lmay qolgan kunni ko‘rmadim. Davolash markazida hamisha yetarli bo‘sh o‘rinlar bo‘lib turdi. Yana o‘sha kunlarda Urgut tibbiyot kollejida ham besh yuz bemorga mo‘ljallangan davolash markazi tashkil etilganini eshitib ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Men kasalxonada shu narsaga guvoh bo‘ldimki, shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilgan bemorlarning deyarli barchalari shifo topib ketishdi.
Ana shunday kunlarda kishi mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning inson davlat uchun emas, davlat inson uchun xizmat qilishi lozim degan gaplari kunba-kun hayotga izchil tatbiq etilayotganiga chuqur ishonch hosil qiladi va yurtimizda odam qadri tobora ortib borayotganiga shukronalik tuyadi.
Bugungi kunda butun dunyoda keng tarqalgan bu kasallik haqida bilganlarimiz hali juda oz. U tabiiy yoki sun’iy yo‘l bilan paydo bo‘ldimi, unga qanaqa dori davo ekanligi hanuzgacha noma’lum bo‘lib qolayotir. Biroq shunga qaramasdan, fidoyi shifokorlarimiz bor imkoniyatlarini ishga solib, kasallikka qarshi kurashmoqdalar. Ming afsuski, virus yuqtirib olgan vrachlar, hamshiralar va sanitarlar orasida ham qurbonlar bor. Biz bugun ularning porloq xotiralari oldida bosh egamiz.
Xudoyberdi KOMILOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.