Pushkin ziddiyatli shaxs bo‘lganmi?
Pushkin zamondoshlari va uni yaqindan tanigan kishilar uni buyuk iste’dod sohibi bo‘lganligi bilan bir qatorda, o‘ta qiziqqon va ziddiyatli inson sifatida ta’riflagan. Pushkin va fransuz zobiti Dantes o‘rtasida bo‘lib o‘tgan duel Pushkin uchun ayanchli yakunlanganini barcha biladi. Biroq shoir Dantes bilan bo‘lib o‘tgan duelga qadar boshqalar bilan ham duelga chiqqanmi? E’tiboringizga Aleksandr Pushkin qatnashgan duellar ro‘yxatini va uning duelgacha yetib bormagan ziddiyatlarini taqdim etamiz.
1. 1816 yilda 17 yoshli Aleksandr o‘zining tog‘asi, 1812 yilgi Napoleon qo‘shiniga qarshi urush qatnashchisi, Pavel Isaakovich Gannibalni duelga chaqirdi. Pavel Isaakovich Aleksandr yoqtirib qolgan ayolni o‘ziga og‘dirib olgani sababli qiziqqon shoir ko‘pchilikning oldida tog‘asini duelga chaqirdi. Biroq harbiy xizmatchi bo‘lgan Pavel Isaakovich Pushkinga rad javobini berdi.
2. 1817 yil Pushkinning hazilona yozgan she’ridan uning do‘stlari Kaverin va Pashkovning jahli chiqdi va ular shoirni duelga chaqirdi. Pushkin dastlab duelga qarshilik bildirmadi, keyin knyaz Vasilchikov do‘stlarni yarashtirib qo‘yishga erishdi. Pushkin do‘stlaridan uzr so‘radi.
3. 1819 yil “Dekabrist” shoir Rileyev Pushkin to‘g‘risida mish-mish tarqatib yurganidan xabar topgan Aleksandr Kondratiy Rileyevni duelga chaqirdi. Duel bo‘lib o‘tdi. Pushkin ham Rileyev ham tepaga otishdi. Dueldan so‘ng ikkalasi yarashib oldi.
4. 1819 yil. Pushkinni do‘sti Vilgelm Kyuxelbeker duelga chaqirdi. Sabab - Pushkin Kyuxelbeker to‘g‘risida yozgan misralar edi. Duel bo‘lib o‘tdi. Dastlab Vilgelm Pushkinga qarata o‘q uzdi, lekin nishonga tekkiza olmadi. Navbat Aleksandrga kelganda u otishdan bosh tortdi.
5. 1819 yil Pushkin vazirlik amaldori Modest Korfni duelga chaqirdi. Chunki Pushkinning xizmatkori Korfning oqsochiga tegajoqlik qilgan. Korf esa uni do‘pposlagan va Aleksandr bilan duelga chiqishni rad etgan.
6. 1819 yil Pushkin mayor Denisevichni duelga chaqirdi. Pushkin teatrda o‘zini axloqsiz tutgani uchun mayor unga tanbeh bergan. Duel Denisevichning uzridan so‘ng to‘xtatildi.
7. 1820 yil Pushkin Fyodr Orlov va Aleksey Alekseyevni duelga chaqirdi. Chunki Aleksandr mast bo‘lib ularga bilyard o‘ynashga xalaqit qilgani uchun ikkalasi Pushkinga tanbeh berishgan. Biroq duel bo‘lmadi. Uchala tomon yarashib oldi.
8. 1822 yil Pushkin fransuz ofitseri Degilini duelga chaqirdi. Ammo buning sababi hozirgacha noaniqligicha qolmoqda. Pushkinning merganligini bilgan Degili qurol sifatida qilichni tanladi. Biroq qilich bilan ham jang qilishdan qo‘rqib ketgan Degili duelga kelmadi.
9. 1822 yil Pushkinni podpolkovnik Semen Starov duelga chaqirdi. Ular restoranda qo‘shiqchidan o‘zlari xohlagan qo‘shiqni aytishni talab qilib tortishib qolgandi. Qo‘shiqchi Pushkin so‘ragan qo‘shiqni aytgan. Duel bo‘lib o‘tdi. Ikkalasi ham tepaga otishdi.
10. 1822 yil Pushkin 65 yoshli amaldor Ivan Lanov bilan tortishib qoldi. Aleksandr keksa amaldorni duelga chaqirdi. Ammo duel bo‘lmadi, qiziqqon Pushkin hibsga olindi.
11. 1822 yil Pushkin moldaviyalik Todor Balshni duelga chaqirdi. Chunki Balshning ayoli Pushkinga hurmatsizlik qilgandi. Duel o‘tkazildi, ikkalasi ham tepaga otdi.
12. 1822 yil Pushkin katta yer egasi Skartl Prunkuloni duelga chaqirdi. Pushkin ham Skartl ham boshqa bir duelda sekundat edi va o‘sha yerda tortishib qolishdi. Duel bo‘lmadi, tomonlar yarashib oldi.
13. 1822 yil Pushkin tushlik vaqtidagi tortishib qolib, Severin Pototskiyni duelga chaqirdi. Pototskiy Pushkinning haq ekanligini tan oldi va uzr so‘radi. Duel bo‘lmadi.
14. 1822 yil Pushkinni zobit shtabs-kapitan Rutkovskiy duelga chaqirdi. Pushkin uning deyarli besh kilo chiqadigan o‘lkan do‘l to‘g‘risida so‘zlab bergan gaplariga ishonmadi va uning ustidan kuldi. Duel bo‘lmadi, Pushkin yana hibsga olindi.
15. 1822 yil Pushkinni kishinyovlik puldor Inglezi duelga chaqirdi. Inglezi rafiqasi bilan Pushkinning o‘rtasida ishqiy munosabatlar bor, deb shubhalangan. Duel bo‘lmadi. Pushkinning ishqiy sarguzashtlaridan xabar topgan do‘stlari shoirni vaqtincha hibsda ushlab turishdi. Er-xotin Inglezilarni bo‘lsa yarashtirib, chet elga sayyohatga jo‘natib yuborishdi.
16. 1823 yil Pushkinni shtab zobiti, general Aleksandr Zubov duelga chaqirdi. Pushkin Zubovni pokker (qimor) o‘yini vaqtida g‘irromlikda aybladi. Duel bo‘lib o‘tdi. Zubov otgan o‘q shoirga tegmadi. Pushkin otishdan bosh tortdi.
17. 1823 yil Pushkin yosh yozuvchi Ivan Russoni duelga chaqirdi. Chunki Pushkin uni yoqtirmasdi. Duel bo‘lmadi va tomonlar kelishib olishdi.
18. 1826 yil Pushkin Nikolay Turgenevni duelga chaqirdi. Sababi Turgenev shoirning she’rlarini tanqid qilardi. Tomonlar kelishuvga erishdi.
19. 1828 yil Pushkin ta’lim vaziri Aleksandr Golitsinni duelga chaqirdi. Pushkin vazirga qarshi epigramma yozgandi. Shu sababli Golitsin tomonidan unga qarshi mahkamada jiddiy so‘roq o‘tkazildi. Duel bo‘lmadi, tomonlar kelishuvga erishdi.
20. 1828 yil Pushkin ziyofatdagi noma’lum xonim sabab Fransiya elchixonasi kotibi Lagrenni duelga chaqirdi. Duel bo‘lmadi, tomonlar kelishuvga erishdi.
21. Pushkin Tashqi ishlar vaziri Xvostovni duelga chaqirdi. Chunki Xvostov Pushkin u haqida noma’qul so‘zlar yozganidan jahli chiqqan va shoirning nafsoniyatiga tegadigan so‘zlar aytgan. Xvostovga ayniqsa, uni “cho‘chqa”, deb atagani yoqmagan. 72 yoshli Xvostov va 30 yoshli Pushkin o‘rtasida duel bo‘lmadi, do‘stlari ularni yarashtirib qo‘yishdi.
22. 1836 yil Pushkin knyaz Nikolay Repindi duelga chaqirdi. Ular orasiga g‘iybatchilar sovuqchilik solgandi. Duel bo‘lmadi, tomonlar do‘stona kelishib oldilar.
23. 1836 yil Pushkin Vladimir Sologubani duelga chaqirdi. Sababi Sologuba Pushkinning rafiqasi Natalya Goncharovani ziyofat vaqtida haqorat qilgan. Vladimir Sologuba Goncharova xonimdan uzr so‘radi, tomonlar kelishib oldi.
24. Niderlandlar elchisi Gekkern Pushkinni duelga chaqirdi. Pushkinning rafiqasi Natalya Goncharova bilan Jorj Dantes o‘rtasidagi ishqiy munosabatlar to‘g‘risida Aleksandrga anonim xatlar kela boshladi. Tabiatan qiziqqon bo‘lgan shoir bunday xatlar ta’sirida bir necha bor Dantes bilan ziddiyatga bordi. Oxir oqibat Pushkin, Dantsening tutingan otasi Gekkernga xaqoratli xat yozdi. Biroq duelga uning o‘g‘li Jorj Dantes chiqdi. Duel bo‘lib o‘tdi. Pushkin jiddiy jarohat oldi. Dantes o‘ng qo‘lidan yaralandi. Olgan jarohat oqibatida Aleksandr Sergeyevich Pushkin vafot etdi.
Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.