Putin va Zelenskiy muzokaralar uchun Arizonaga taklif qilindi. Bu birinchisi emas, yana kimlar ularni muloqotga undagan?

AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Pol Gozar Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni Arizonaga tinchlik muzokaralari o‘tkazishga taklif qildi. Tegishli xat Rossiya va Ukrainaning Vashingtondagi elchixonalariga yuborilgan, deb yozadi u Twitterda.

Gozar o‘z murojaatida ikki davlat yetakchilarini Arizona poytaxti Feniks shahriga taklif qildi. U Arizonada siyosatchilar “yadroviy taranglikni yumshatish, urushni to‘xtatish, qon to‘kilish va vayronagarchilikka barham berish uchun muloqotni boshlashi” mumkinligiga umid qilmoqda.

«Men diplomat emasman. Men shunchaki Kongress a’zosiman, lekin mamlakatlaringizda o‘lim va halokatni yetarlicha ko‘rganman. Buni qabul qilib bo‘lmaydi. Men tinch yo‘l bilan hal qilishga urinishlar yo‘qligidan to o‘zim harakat qilish zarurati tuyg‘usigacha yo‘lni bosib o‘tdim», Pol Gozar.

Boshqa davlatlar ham muzokaralar taklif etgan

Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish takliflari avval ham bildirilgan edi. Shu tariqa, Rim papasi Fransisk Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralarni Vatikanda o‘tkazishni taklif qilgan. Frensis nafaqat Vatikanning o‘zi, balki Rimdagi ko‘plab binolarni yetakchilar uchrashuvi uchun tayyorlagan.

Germaniyaning Shtralzund shahri aholisi ham muzokaralarni tashkil etishda yordam berishni istashdi. Uchrashuv uchun joy sifatida ular mahalliy shahar hokimiyatini taklif qilishgan. Fuqarolar shaharning "tinchlik yaratish sohasida buyuk tarix"ga ega ekanligini aytib, 1370 yildagi Shtralzund shartnomasi va 1984 yilda Shvetsiya Bosh vaziri Olof Palmening tashrifini eslatishdi.

Bundan tashqari, Turkiya va BAA muzokaralarda vositachi bo‘lish istagini bildirgan. Shu tariqa Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Rossiya prezidentini Ukraina bilan muzokaralar o‘tkazish uchun imkoniyat berishga chaqirdi va Anqara bu jarayonda vositachi rolini o‘ynashga tayyorligini bildirdi. BAA prezidenti Muhammad bin Zoid Al-Nahayan ham zarur bo‘lsa, mamlakat Moskva va Kiyev o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida vositachilik qilishga tayyorligini bildirgan edi.

Rossiya Ukraina bilan muzokaralarga tayyor
27 oktyabr kuni “Valday” xalqaro munozara klubining yalpi majlisida Vladimir Putin Rossiya Ukraina bilan muzokaralarga tayyor ekanini aytdi. Biroq u Kiyev Moskva bilan muloqotdan bosh tortayotganini eslatdi. "Gap bizda emas", deb ta’kidladi Rossiya rahbari.

30 sentyabr kuni Zelenskiy Kiyev Moskva bilan muzokaralarga tayyorligini aytdi. Biroq, muloqot Rossiya prezidenti almashsagina amalga oshirilishini ta’kidladi.

Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida yuzma-yuz formatdagi so‘nggi muzokaralar mart oyida Istanbuldagi Dolmabaxche saroyida bo‘lgan edi. Peskov uchrashuv yakunlarini sharhlar ekan, Moskva muzokaralarda “arzigulik yutuq” borligini da’vo qila olmasligini aytgan edi.