Qabulxonada hokimning to‘qsonga kirgan otasiga nima bor?

Yoshlarni iqtidor, salohiyatiga qarab kattaroq mansab-martabaga ko‘tarib qo‘yamizda, so‘ng ularni yana o‘zimiz «eskichasi»ga yo‘ldan ozdiramiz – kalondimog‘lik, manmanlik balo-qazolariga giriftor etamiz.

Bu qishloqlarda «adag‘-adag‘», «papalash» ham deyiladi. Yo‘q, ana shu balo-qazolarni nafaqat yoshlarga, balki o‘zimizga o‘zimiz qilamiz.

Noxos o‘sha o‘zimiz ro‘yxushlik bergan katta mansabdor yosh rahbarga ishimiz tushib, uning qabuliga borsak va u ishi ko‘plik qilib, vaqti bo‘lmay beixtiyor o‘zimiz yomon ko‘rgan kalondimog‘likni o‘zimizga «sovg‘a» qilsa, dod-voy ko‘tarib dunyoni buzishgacha boramiz. O‘zimiz pishirgan oshni o‘zimiz yegimiz kelmay qoladi.

Mansab kursida o‘tirgan o‘ta bilimdon, ishchan, iqtidorli, kamtar yigitcha endi nimagadir ko‘rimsiz ko‘rinib ko‘zimizga va uni o‘zimiz o‘tmishdan miyamizga singgan, singdirilgan – salobatli, vajohatli, badqovoq, dimog‘dor, qorindor, ko‘rinishidan odamlarni «sust» bostirib, «ichini o‘pirib yuboradigan» tajovuzkor qiyofada ko‘rishni istaymiz.

«Ha, nima, rahbar bo‘lgach, qamchisidan qon tomib tursin-da. Har gapi yurakni zir titratib, o‘yib yuborsin! Ana buni rahbar desa bo‘ladi».

…Balli, yaxshi gap. Ammo hademay, u shu qilig‘ini o‘zimizga qilsa-chi? Bir do‘q urib ichimizni, «nuratib» yuborsa-chi?!

…Maorif bo‘limida o‘zimni bir paytlar o‘qitgan Soyim mallimni jig‘ibiyron, so‘kingan holda uchratib qoldim.

- Ha, mallim?

- Qara, o‘zim o‘qitgan o‘quvchim-a! Tumshug‘iga xoda yetmaydi, de! Hayf-ye!

Ha, biz o‘zimiz pishirgan oshni ham ana shunaqa qilib yeymiz jig‘ibiyron holda. U tanamizga singarmidi deysiz so‘ng. Aslo!

Biz ko‘pincha yoshlarimizdan ilm, ma’rifat, qalb pokligi, odob, mukammallikni talab qilmasdan turiboq iqtidorlarini sezdikmi kelgusida «kattakon» rahbar bo‘lib ketishiga ishondikmi - bas, bular barisi bir chetda qolib, ulardan kalondimog‘-u ulug‘vor, savlat – siyosatli bo‘lishlarini so‘raymiz, o‘rgatamiz shunga.

Bu nodonlarcha hoy-u havaslarimiz esa vaqti-soati kelib, boshimizga bitgan baloga aylanadi.

…To‘qson yoshli otaxon hokim o‘g‘lining qabuliga, qabulxonasiga kelibdi. Nima bor unga bu yerda? Nima?!

Uyginasida o‘tirib yoki to‘shagida yotvolib, bahuzur hokim o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qilsa ham murodi hosil bo‘lardi-ku.

Yo‘q, u buni istamaydi. O‘zining hokimning otasi ekanligini, ana shunday zo‘r ilm, iqtidorli farzandni voyaga yetkazganligini namoyish etib «hamma»ga ko‘rinmoqchi, kibrlanmoqchi bo‘ldi. Eh… Otasi qabulxonasiga kelgan yoshgina, iqtidorli, ilmli, ishchan, hokim o‘g‘ilga otaning bu noxush qilig‘i qanchalik og‘riqli ta’sir etishini endi tasavvur qiling…

Biz, keksalar zamon butunlay o‘zgarib borayotganini nahotki haliyam hech tushungimiz kelmaydi.

Murodim Umrzoqov.