Bolalik haqida esse

Men tug‘ilgan yurt qushlari sayroqi, havolari jonga malham, har qarichi mukarram – sen bo‘lasan, Narpayim.

 Saratonda, ayni choshgohda “Suyunchi, uyimizda qiz bola tug‘ildi” deb, suyunchilayotgan akamga o‘rtoqlari havas bilan qarashibdi. Xolalarim, ammalarim biznikiga yugurishibdi. Suyunchi berayotgan keksalar “Umri bilan, rizqi bilan bergan bo‘lsin”, deya duolar qilishibdi.

Narpayim, sen bu xushxabarni eshitgan momomga qo‘shilib shukronalar qilgansan, bobomdek ehson tarqatgansan, otamga qo‘shilib orzularga berilgansan.

Mehrlar qurshovida kamolga yetdim. Olamni anglay boshlaganimda ko‘zlarim sening bepoyon kengliklaring, tiniq osmoning, hosildor dalalaring, baraka barq urgan bog‘laring, qizg‘aldoqlar sep yoygan qirlaring, rang-barang gullaringga tushdi. Men butun dunyoni shunday go‘zal deb angladim.

Aqlimni taniy boshlaganimdan yaxshi odamlar qurshovida bo‘ldim. Bunda odamlar bir-biriga yaxshilik sog‘inadilar, ezgulik tilaydilar.

Vatanga sadoqat, imon, e’tiqod, insof, odamgarchilik, oqibat, sharm-hayo, uyat, andisha, izzat, hurmat kabi fazilatlarni dastlab narpayliklarda ko‘rdim. Go‘dak tasavvurimda butun olam - Narpayim sen, butun odamzod narpayliklardek edi.

Ona qishlog‘im - Yangisaroy. Bu yerning urf-odatlari mendagi odamiylikni tarbiyaladi. Otam va onam bir qishloqdan - yangisaroylik bo‘lishgan. Qishlog‘imizning bir yonida Narpay kanali, bir yonidan Qozoqariq, qoq o‘rtasidan Damariq oqadi. Qishloq Damariqdan suv ichadi. Bolalik tasavvurimda yoshi kattalarning “Saylovga boramiz” deya yuk mashinalariga minib, kolxoz idorasiga ketishgani, meni esa “hali yoshsan” deb, tashlab ketishgani esimda. Boshqa bolalarni bilmadim-u, ammo mening kolxoz idorasiga borib, o‘sha saylov degan anjumanni juda-juda ko‘rgim kelardi. “Biror qarindoshimiz rahmi kelib olib ketar”, degan umidda yo‘l boshidagi toshga chiqib o‘tirib oldim. Baxtimga yaylovdan otini minib, bobom kelib qoldi. Bobomning qo‘lida saylov qog‘ozi bor ekan. Bobom uyga kirib, kiyimlarini almashtirib chiqdi-da, oq yo‘rg‘aga meni mingashtirib saylovga yo‘l oldi. Borsak, kolxoz klubida tumonat odam ichkariga kirib, saylov qog‘ozini tashlab chiqayotir. Kolxoz idorasi yonida sartaroshxona bo‘lib, unda hamqishlog‘imiz ishlardi. Bobom otini ariq bo‘yidagi daraxtga bog‘lab, menga o‘zim yaxshi ko‘rib yeydiganim, qog‘ozga o‘ralgan moyli holvadan olib berdi va sartarosh Ashur tog‘aga menga qarab turishni tayinlab, o‘zi saylovga, saylov qog‘ozni olib kirib ketdi. Men esa saylovni ko‘rishni istardim. Ammo yosh bolalar u yerga qo‘yilmas ekan. Klubda bo‘layotgan saylovni ko‘rish uchun yo‘l izlay boshladim. Sartaroshxonada Ashur tog‘aning bizdan ikki sinf yuqorida o‘qiydigan o‘g‘li otasiga qarab yurardi. Men unga “Klub derazisidan menga saylovni ko‘rsatsang, qo‘limdagi moyli holvalarni beraman”, dedim. U rozi bo‘ldi. Klub derazasi tagiga borib, engashib turdi. Men uning ustiga chiqib, ichkarini, saylovni kuzatdim.

Odamlar qizil parda tortilgan joyga navbati bilan kirib chiqar, so‘ngra qo‘llaridagi qog‘ozni zal chetida o‘tirganlarga topshirardi. Ular allaqanday daftarlarga allanimalarni yozar edi. Meni ko‘proq o‘sha yozuvlar qiziqtirardi. Buni o‘qishning iloji yo‘q edi.

Bobom saylov qog‘ozini topshirib chiqdi. So‘ng do‘konga kirib, novvot olib chiqdi va meni otiga mingashtirib, yana uyga tomon yo‘lga tushdi. Yo‘lda bobomdan so‘radim “Bobojon, saylovda nima yozdingiz?». Bobom “Bir o‘risni deputat qilib sayladik. Ammo u o‘risni men tanimayman. Aytishlaricha, yaxshi odam emish”, dedi.

Besh yoshimdan boshlab meni onamning ota-onasi tarbiyasiga oldi. Bu balki bizning uyda yosh go‘daklar ko‘pchilik bo‘lgani uchun onamga yordam bo‘lsin uchun ko‘mak sifatida olganlaridir. Onamning onasi Sanobar momomga biz nabiralar “katta ena” deb murojaat qilardik. Men yugurib bitiriladigan ishlarga, yengil yumushlarga yarab qolganimdan rosa xursand bo‘lardim. Masalan, qishloq chekkasida yolg‘iz yashaydigan Tojinor momoga har ertalab sut olib borib berish, tovuqlarning tuxumini paqirga terib chiqish, choynak-piyolalarni yuvish, buvam daladan kelsalar, maxsisini yechib, qo‘llariga suv quyib turish kabi yumushlar mening ishim edi. Ayniqsa, buvimning oyoqlarini uqalash va yerga qarab yotganlarida ustiga tik oyoqda turib, bellaridan yelkalarigacha u yoqdan bu yoqqa yurish yoqardi. Ikkinchi jahon urushini ko‘rgan bobomning tanasida katta-kichik chandiqlar bor edi. Bu janggohda buvamning tanasini teshib o‘tgan o‘qlarning izi. Bitta o‘q bobomning o‘ng yelkasiga tegib, oldidan teshib o‘tgan, biri qo‘lning u yog‘idan tegib, bu yog‘idan chiqqan, biri belidan o‘tgan. Ikkala oyog‘ida esa beo‘xshov chandiqlar ko‘p edi. Bu chandiqlar nemis itlari tishlarining o‘rni ekan.

Qaysidir bir jangda nemislar buvam va uning batalonini asir oladi. Bir necha oylik tutqunlikdan so‘ng buvam va uning do‘stlari qochishga muvaffaq bo‘ladi. Buni sezib qolgan nemislar ularni quvib keladi. Reja bo‘yicha o‘zlarini daryoga tashlab qochish kerak bo‘lgan. Ammo nemislardan oldin yetib kelgan ovcharka itlarga qarshi buvam va yana ikki askar o‘rtog‘i kurashib turgan. Ko‘pchilik o‘zini daryoga tashlagandan keyin buvam va uning baquvvat o‘rtoqlari ham suvga tashlab qochishgan. Ularning ustidan o‘qlar yomg‘irdek yog‘dirilgan, yaralaridan qon chakillab tursa-da, sovuq suvni kechib o‘tgan askarlarning barchasi sog‘-salomat qolishgan...

Ayozli qish tunlarida buvamning oyoqlari og‘rir, ingrab chiqardi.

***

6 yoshli qizaloq edim. Fevral oyi bo‘lsa kerak, buvam va momom ro‘za tutadigan bo‘lishdi. Ro‘zaning ma’nisini tushunmasam-da, men ham ro‘za tutmoqchi bo‘ldim. Qishning sovuq kechasida buvam va momomning shivir-shiviridan uyg‘ondim. Issiqqina ko‘rpaga o‘ranib yotar ekanman, ikkisi ham uyg‘onganini sezib, sekin o‘rnimdan turdim. Momom pech ustida turgan oftobalarning birini, bobom ikkinchisini olib, chiqib ketishdi. Tashqariga chiqib, yuvinib, tahorat olib kelishdi. Men ham o‘zim bilgancha yuvinib keldim. Momom pech ustiga qozonchaga sut solib, choygumni qo‘yib, joynamozlarni yozib turgan bobomning oldiga o‘tdi. Uyning to‘rida qiblaga qarab nomoz o‘qishdi. Men pechga suyanib, bobomning ovoz chiqarib “Allohu akbar, Allohu akbar, Allohi akbar” deyishlari bilan ko‘rpachaga o‘ranib qotib qolaman. Ular joynamozi - uchar gilamida o‘zga dunyoga uchib ketgandek bo‘lardi. Nazdimda ular sajdaga bosh qo‘yib, butun dunyoni yomonlikdan qutqarayotgandek tuyulardi.

Bobomning ovozi shunday shirali ediki, sehrlanib o‘tirardim. Ular namozni tugatishi bilan o‘rnimdan turib, ta’zim bilan ularga salom berardim. Bu orada shirchoy tayyor bo‘lar, dasturxonda xurmo, mayiz, yong‘oq bo‘lib, men ham o‘zimcha mehribonlarim bilan ro‘za tutardim. Erta tongda momom menga nonushta qilib berar, ammo o‘zlari yemas edi. Bobom ham, momom ham namoz o‘qir, tasbeh o‘girardi. Ertalabdan bobom chorva mollariga qarash bilan, momom uy yumushlari bilan band bo‘lardi. U paytlar hali qishloqqa elektr kelmagan, tabiiy gaz odamlarning tushiga ham kirmagan zamonlar edi.

Bobomning oshxonasi yonida kattagina omborxonasi bo‘lib, omborxonaning yarmida qoplarda guruch, no‘xat, mosh va yana bir qancha menga noma’lum don-dunlar turardi. Omborxonaning yarmiga somon to‘shalgan, unda tarvuzlar, tepada osilgan qovunlar va uch-to‘rt qator simlarga osilgan uzumlar, anorlar saqlanardi. Qishda qanday saqlashganini eslolmayman-u, ammo to “ilik uzildi”gacha, olma va behi, yong‘oq, mayiz, turshakning keti uzilmasdi. Ayozli kunlar boshlanganda bobom ikkita qo‘chqorini so‘ydirar, katta qozonda o‘zining yog‘iga qovurib, sopol xumlarga soldirib qo‘yardi. Bu xumlar oshxona to‘rida saqlanardi. Qish chillasida, ayniqsa, ro‘za chog‘ida momom bu go‘shtlardan turli taomlar tayyorlar, kosalarga solardi-da, qo‘limga berib, “Iftorda duo qilib yeydi” deya qishlog‘imiz keksalarining uylariga jo‘natardi. Go‘shtlarni tarqatar ekanman, hamqishloqlar tomonidan berilgan xurmolaru mayizlardan xohlagancha mazza qilib yerdim.

***

4-sinfdaligimda germaniyalik maktab o‘quvchisi, nemis qizi Xildaga maktub yozgandim. Jahlim chiqqanidan xatni salom bilan boshlamaganman:

“Men, o‘zbek qahramonining nabirasiman. Buvamni hamma pahlavon deb hurmat qilishadi. Sening nemis buvang fashistdan o‘tib ketgan fashist ekan. Bizning tinch Vatanimizga bostirib kelgani yetmaganday, bizning askarlarni qamoqlarga tashlagan, azoblar bergan. Buvamni va uning bir nechta o‘rtoqlarini asirga tushirgan. Buvam va uning safdoshlari tutqundan qochishga erishgan. Buvamning badanida chandiqlari ko‘p. Uni sening buvang otgan. Chandiqlar - o‘qlar teshib o‘tgan yaralarning o‘rni. Itlaring ham haqiqiy nemisning iti ekan. Buvamning oyoqlarini tishlab tashlagan. Ammo buvam baribir taslim bo‘lmagan. Sening buvang o‘zi qanday odam?

Aleksandr Sergeyevich Pushkin ertagida yozganidek:

Na qizaloq, na o‘g‘lon,

Badbashara bir hayvon.

Meni kechirgin-u, balki sening buvang o‘zini senga qahramon qilib ko‘rsatar. G‘irt yolg‘on. Sening buvangning badanida chandiqlari yo‘qdir, oyoqlari og‘rimas. Mening buvam bir kuni Berlinga yana bormoqchi, balki meni ham olib borar. Sen o‘shanda nemis buvangni yashirib qo‘y. Yo‘qsa, buvam uni Brest qal’asidan uloqtirib yubormoqchi. Buvam menga “Buvalarning gunohi uchun nabiralar javob bermaydi, faqat uyaladilar”, deydi.

Momojonim bir kuni menga “Mana, sen ham kap-katta bo‘lib qolding. Menga anavi qirg‘in urushdi boshlagan nemisti boshlig‘i, qonxo‘r Gitlerni aniq otini, go‘rginang kuygurdi otasini otini bilib kel!”, dedi. “Gitlerdi otasini oti sizga nimaga kerak?”, deb so‘radim. “Qarg‘ashim uchun kerak. Zoti – zurriyodi bilan qo‘shib qarg‘ashim va qarg‘ishim to‘g‘ri borib tegishi uchun”, dedi. “Busiz ham Gitler o‘lib ketgan-ku”, dedim. “O‘lgan bo‘lsa ham bilib kel, gap bor”, dedi. Ertasiga bilib kelib, “Momojon, anavi Gitlerning otasini oti Adolf ekan. Marhamat, kampirlarning shohi qarg‘ayversinlar!”, dedim. Momom qilayotgan ishidan to‘xtab, “Ay, sen Adolipti uli Gitler! Necha-necha kun ko‘rmay ketgan jovqir jigitlardi ruhi haqi, bevalaru jetimlar haqi, hali ham erlarini kutayotgan sodiqlar haqi ikki dunyong kuysin!” dedi. “Chalpagini itlar yesin” deb qo‘shib qo‘ydi. Bu juda og‘ir qarg‘ish. Bizda o‘lgan odamning arvohiga atab chalpak - is pishiradi.

Agar nemis fashistlarini qarg‘ash bo‘yicha jahon birinchiligi o‘tsa, momom birinchi o‘rinni olishi aniq. Momom seni momongni qarg‘amaydi, ammo uning aytishicha, sening momong buvangga “Hoy, Yaratganning bandasi,birovning yurtida senga pishirib qo‘yibdimi? Birovni otib, o‘ldirib nima qilasan? Haromdan topganing buyurmaydi, sen o‘zbeklarni qarg‘ishini olma!” demaganda.

Darsdan qaytganimda momomga tinchlik haqida yozgan she’rimni o‘qib bersam, ko‘zida yosh bilan rosa duo qildi. Buvamga o‘qib bersam, ular maktabimiz oshxonasidan shirinliklar sotib olishim uchun pul berdi.

Xilda senga maktub yozishimdan maqsadim dugona topolmay qolganimdan emas. Sen o‘zingning nemislaringga biz o‘zbeklar haqida gapirib ber. Bundan keyin buvalaring qilgan xatolarni nabiralari takrorlamasin. Do‘st bo‘lib yashaylik. Biz tinchlik istagan xalqmiz. Sen o‘zlaring haqingizda yozib yubor.

Manzilim: Samarqand, Narpay, 9-maktab 4-“A” sinf,

Zulfiya Mo‘minova.

Bu sarg‘ayib ketgan maktub oradan yillar o‘tib momomning katta, guldor sandig‘idan topilganiga qaraganda Xildaga jo‘natilmagan. Ammo momomning qimmatli buyumlari, suratlari solingan albomida saqlanganidan ma’lumki, maktub mehribonimga nimasi bilandir qadrli bo‘lgan...

***

Dugonam Xolbuvini juda yaxshi ko‘raman. U mening amakimning qizi bo‘lib, ikkimiz bir sinfda o‘qiymiz. Shuning uchun maktabga birga borib, birga qaytamiz.

U juda mehribon va kamgap. Qish kunlarining birida o‘qish tugab, darsdan chiqsak, rosa qor yog‘ibdi. Menga yangi etik olib berishgani uchun etikdaman. Xolbuviga esa hali etik olib berib ulgurishmagani uchun paypoq bilan kalishda. Qishlog‘imiz maktabdan uzoqda joylashgan. Oraliq bir yarim soatlik yo‘l. Maktabdan chiqib, sal yo‘l yurib qarasam, Xolbuvining oyog‘idan sovuq o‘tib, yuzlari qizarib ketyapti.

Shunda “Xolbuvijon, oyog‘im qizib ketyapti. Kel menga kalishingni berib, mening etigimni kiya qol”, dedim. U esa “Yo‘q, seni tez-tez tomog‘ing og‘riydi, etigingni menga bersang, shamollab kasal bo‘lib qolasan”, dedi. Unga ichim achir, nima qilishni bilmayman. “Mana, ko‘rasan, biz uyga borsak, senga etik olib kelishgan bo‘ladi”, deyman umid bilan. Daryoga yaqinlashganimizda izg‘irin kuchaydi. Toqat qilolmadim, unga “To‘xta, menga kalishingning bir poyini ber, men senga etigimning bir poyini”, dedim. U bunga rozi bo‘ldi. Biz ikki do‘st bir oyog‘imizda kalish, bir oyog‘imizda etik bilan qishloqqa kirib borganimizni ko‘rganlar “Chin do‘stlar” deb rosa maqtashgan. Uyga borsak, Xolbuviga ham yangi etik olib kelishgan ekan. Ertasi kuni tomog‘im og‘rib, maktabga boraolmay qoldim. U meni ko‘rishga kelib, “Zulpiyajon, sen meni deb kasal bo‘lib qoldingmi? Men darslarni tayyorlashingda yordam beraman. Barcha mavzularni senga o‘qituvchi aytgandek tushuntirib beraman”, dedi. Birinchi kuni darsdan qaytib kelib, “Men seni yo‘l bo‘yi sog‘indim, maktabda ham sog‘indim. Endi hech ham kasal bo‘lmagin” deb yig‘ladi. Do‘stimning gaplari ko‘nglimni yumshatdi. Chunki men ham uni maktabdan kelgunicha sog‘inib qolgan edim.

***

Yuqori sinfda o‘qiyotganimizda dugonam Xolbuvi jismoniy tarbiya darsidan uzunlikka sakrash bo‘yicha imtihon topshira olmadi. O‘qituvchimiz Saydilla muallim juda qattiqqo‘l bo‘lib, sinfimizdan yana sakkizta, Xolbuvi bilan to‘qqizta o‘quvchining bahosini qo‘yib bermadi. Qolgan hammamiz topshirganmiz.

Men sinf sardoriman. O‘quv choragi yakuniga yetib boryapti hamki, bechora to‘qqiz sinfdosh imtihonni topshirolmasdi. Bir kuni tanaffusda Xolbuvi menga “Sen sinf boshisan, qandaydir yo‘lini top! Men jismoniy tarbiyadan bahoyimni olayin”, dedi. Men unga “Mana, Yangi yil kelyapti, o‘qituvchiga sovg‘a qilsak, baloga qolib, “poraxo‘r” degan nom olamiz. Ammo uning bolalari ko‘p. Sen uydagilarga aytib, bitta archa oldir. Ikkimiz archani o‘qituvchining uyiga, bolalariga olib borib beramiz. Bolalari archa atrofida aylanib o‘yinga tushsa, muallim senga baho qo‘yib yuboradi”, dedim. Ish shuncha oson kechishidan xursand bo‘lgan Xolbuvi oradan uch kun o‘tib, otasiga aytib qishlog‘imizdan uncha uzoq bo‘lmagan o‘rmon xo‘jaligidan yam-yashil archa oldirib keldi. U “Kel, bitta qog‘ozga gullar chizib, archaga ushbu sovg‘a Zulfiyadan va Xolbuvidan” deb yozib qo‘yamiz. Chunki sen bahoni olgansan. Shunday deb yozmasak, mening bu xatti-harakatim baho uchunligi bilinib, muallim battar jahldor bo‘lib ketadi”, dedi. Ismimni archaga tiqishtirish uncha yoqmasa-da, sinf sardori sifatida rozi bo‘ldim.

 Ertasi kuni biz archani ko‘tarib, o‘qituvchinikiga yo‘l oldik. Oldinda archani ko‘tarib olgan Xolbuvi, orqada men o‘z sumkamni va uning sumkasini ko‘tarib olganman. O‘qituvchining uyi yangi qurilgan uylardan bo‘lib, qishlog‘imizdan ancha olisda, temir yo‘l tarafda ekan. So‘rab-surishtirib topib bordik. Chiroyli darvozani chiroyli ayol - jismoniy tarbiya fani o‘qituvchimizning xotini ochdi. Ochishi bilan biz baravariga “Assalomu alaykum, Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!”, dedik. Ayol “Ha, yana archami?” dedi va darvozani lang ochdi. Ichkarida devor yoqalab qator qilib sakkizta archa, ya’ni Xolbuvi kabi topshirolmaganlarning archalari turar, ularning har biriga “Zulfiyadan, Risolatdan”, “Zulfiyadan, Otamuroddan”, “Zulfiyadan, Tojinordan” degan gulqog‘ozlar ilingan turardi. Biz ular yoniga archani qo‘ydig-u, tezda o‘qituvchining uyidan chiqib ketdik.

Ertasiga bildimki, men Xolbuviga maslahat berayotganimda sinfdagi qolgan barcha topshirolmagan o‘quvchilar ham eshitib, bu maslahatni o‘zi uchun yagona yo‘l deb o‘ylab, allaqachon archalarni o‘qituvchining uyiga eltib qo‘yishgan ekan. Ertasi kuni meni va to‘qqiz nafar sinfdoshlarimni maktab direktori Razzoq Xudoyorovichning xonasiga chaqirishdi. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, direktorning xonasida qator qilib terilgan bizning archalar turar, dumaloq stol atrofida jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz, sinf rahbarimiz va direktor o‘rinbosarlari o‘tirishardi. Xonadagi sukunatdan sezdikki, sinfdoshlarimga bergan maslahatim jinoiy javobgarlik darajasidagi salbiy oqibatga olib kelibdi. Bu holatga mening aloqam yo‘q deya olmayman. Chunki yashil archalardagi gulqog‘ozlarda ismim turardi. Direktor o‘shanda uzundan-uzoq tarbiyaviy soat o‘tgani va hammaning archasini qo‘liga berib “Uylaringga olib ketasizlar, har biringiz jismoniy tarbiyadan uzunlikka sakrash bo‘yicha qaytadan imtihon topshirasizlar!”, degani hamon yodimda.

Eh, sinfdoshlar! Axir Xolbuviga bergan maslahatimni shunchalar quloqlaring ding bo‘lib eshitganlaringni, archalarni bizdan oldin o‘qituvchining uyiga g‘izillatib olib borishlaringni bilganimda edi...

Direktorning xonasidan chiqdim-u shalpayib, archa ko‘tarib olgan sinfdoshlarimga qarab yig‘lab yubordim. Ular esa “Bizni kechir Zulpi, sendan so‘ramay ismingni gulqog‘ozlarga yozib yubordik, biz qayoqdan bilaylik? Ishlar teskari ketib qoldi”, deyishdi. Sinfga kelsak, sinfdoshlar bizlarni masxara qilib, rosa kulishdi. Avvaliga xafa bo‘ldik, so‘ng biz ham ularga qo‘shilib kulib, o‘ynab ketdik.

Mana, oradan o‘ttiz besh yildan ortiq vaqt o‘tdi. Hamon sinfdoshlarim Yangi yil arafasida menga internetdan to‘qqiz dona yashil archaning suratini yuborishadi. Tabrik yoniga gullar suratini chizib, “Seni yaxshi ko‘ramiz “JT”chilar” deb qo‘yishadi. “Men ham sizlarni yaxshi ko‘raman, mening beg‘uborlarim”, deyman sog‘inch bilan.

Zulfiya MO‘MINOVA,

shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.