Mutolaa: Beg‘araz bo‘laman deb orzu qilganimda...
Romen Gari
Faqat diydasi qotib qolgan, boyib ketishdek jinni istagidan boshqa hech narsasi yo‘q odamlar nima sababdan mening sivilizatsiyani tark etib, manfaatparast dunyodan uzoqroqda joylashgan Tinch okeanidagi orollardan biridagi marjon qoyalarda, ko‘k ko‘rfaz qo‘ltig‘ida yashashga qaror qilganimni tushunolmasa kerak.
Men beg‘arazlikni orzu qilardim. Men kabi nazokatli odamning orom topishi tobora qiyinlashib borayotgan bu shiddatli raqobat, foydaga tashnalik, vijdonsizliklardan uzoqlashishim kerakligini his qilib yetgandim.
Ha, hamma narsadan ko‘proq menga beg‘arazlik yetishmasdi. Ehtimol, barcha yaqin do‘stlarim boshqalardan talab qiladigan yagona narsa, bu xususiyatni qanchalik qadrlashimni bilishsa kerak. Atrofi moddiy, yordam berishga tayyor, mayda hisob-kitoblarga qodir bo‘lmagan, biror-bir ishni beminnat qila oladigan, ularga samimiy do‘stlik bilan javob bera olishim mumkin bo‘lgan, xudbin fikrlar munosabatlarimizni buzishidan qo‘rqmaydigan odamlar bilan o‘ralgan bo‘lishini orzu qilardim.
Shunday qilib, men barcha ishlarimni tugatdim va yoz faslining boshida Taitiga yetib keldim.
Papeete (Fransuz Polineziyasining poytaxti) hafsalamni pir qildi. Shahar go‘zal, lekin hamma joyda sivilizatsiya izlari ko‘rinadi, hamma narsaning o‘z qimmati bor. Bu yerda har qadamda “tirikchilik qilish” iborasiga duch kelasiz. Shu yerda aziz o‘quvchimni aynan pul meni iloji boricha uzoqroqqa ketishimga majbur qilganini eslatmoqchiman.
Shunda men xaritadagi tasodifiy tanlangan Markiz orollari arxipelagining tashlab qo‘yilgan orollaridan biri Taratorga joylashib olishga qaror qildim. Kemalar u yerga yiliga atigi uch marta kirar ekan.
Orolga qadam tashlab, nihoyat orzuim amalga oshishiga tayyor ekanligini angladim.
Polineziya tabiati manzarasining ming marta ta’riflangan go‘zalligi, uni o‘z ko‘zing bilan ko‘rganingda yanada hayratlanarliligi qirg‘oqqa chiqishim bilanoq namoyon bo‘ldi: tog‘larning bosh aylanadigan balandliklaridan qirg‘oqqa tushayotgan palma daraxtlari, marjon qoyalar bilan himoyalangan lagunalar, somon kulbalaridan tashkil topgan kichik bir qishloqning yengilligi menga qarab quchoq ochib yugurib kelayotgan aholining beparvo tabiatidan dalolat berardi. Men darhol bu odamlarni do‘stona, xushmuomala munosabat orqali dunyodagi barcha narsaga majbur qila olishimni angladim.
Meni kapitalizmning tijorat g‘oyalari ta’siri tegmagan va foyda olishga mutlaqo befarq bo‘lgan bir necha yuz kishi, butun qishloq aholisi kutib oldi. Qishloqning eng yaxshi kulbasiga joylashdim, juda oddiy va o‘ta ta’sirchan birodarlik munosabatlari va o‘zaro hurmat-izzat asosida o‘zimni barcha zarur narsalar - shaxsiy baliqchim, shaxsiy bog‘bonim va shaxsiy oshpazim bilan o‘rab oldim.
Bularning barchasiga aholining hayratlanarli mehribonligi va soddaligi, shuningdek, Taratonganing alohida iltifoti tufayli erishdim.
Aholining hurmatiga sazovor bu ellik yoshlardagi ayolning ismi Taratonga bo‘lib, u arxipelagning yigirmadan ortiq orollarida yashovchi qabilalar boshlig‘ining qizi edi. Men uning hurmatini qozonish uchun bor kuchimni sarfladim. Qolaversa, bu butunlay tabiiy bo‘lib chiqdi. Unga orolga nima uchun kelganimni, manfaatparastlik ruhi va hisob-kitobni qanchalik yomon ko‘rishimni, fidoyi, sodda fikrli odamlar orasida bo‘lishim muhimligi va qanchalik xursand va undan minnatdor bo‘lganimni aytdim.
Taratonga meni juda yaxshi tushunishini va pul uning xalqi qalbini buzib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymaslik – uning hayotidagi yagona maqsad ekanligini aytdi. Men ishorani qabul qildim va Taratorda bo‘lib turgan davrimda cho‘ntagimdan bir frank ham chiqarmaslikka va’da berdim. O‘zimga o‘ta nozik tarzda berilgan buyruqni qat’iy bajarishga kirishdim va hatto bor pulimni yashirdim.
Shu tarzda orolda uch oy yashadim. Kunlarning birida bir bolakay menga Taratongadan sovg‘a olib keldi. U shaxsan men uchun pishirilgan yong‘oqli tort ekan. Ko‘zim darhol pishiriq o‘ralgan polotnoga tushdi: u menga g‘ira-shira tanish bir narsani eslatgan g‘alati ranglar bilan qoplangan qop mato edi, avvaliga men uning nima ekanligini anglay olmadim.
Matoga diqqat bilan ko‘z yugurtirdim va yuragim qattiq ura boshladi. O‘tirishga majbur bo‘ldim. Xolstni tizzamga qo‘yib, ehtiyotkorlik bilan ochdim. 50 dan 30 santimetrgacha bo‘lgan to‘g‘ri burchakli qop mato bo‘lagini qoplagan bo‘yoq yoriqlar bilan qoplangan, ba’zi joylari esa deyarli butunlay o‘chib ketgan.
Bir muddat ishonqirmay rasmga qaradim.
Hech qanday shubha bo‘lishi mumkin emas.
Ko‘z oldimda Gogen (Fransuz rassomi va haykaltaroshi)ning kartinasi turardi.
San’at bilimdoni emasman, lekin shunday rassomlar borki, ular darhol taniladi. Qaltiragan qo‘llarim bilan polotnoni ochdim va har bir tafsilotni sinchkovlik bilan o‘rgana boshladim. Unda Taiti tog‘ining bir qismi va buloqda cho‘milayotganlar tasvirlangan. Rang, dizayn va mavzu shu qadar tanish ediki, rasmning yomon holatiga qaramay, xato qilish mumkin emas edi.
Juda xavotirlanganimda doimo sodir bo‘ladigan o‘ng tomonimda kuchli sanchish hissi paydo bo‘ldi.
Tashlandiq orolda Gogenning surati! Taratonga unda tort o‘raydi?! Rasm agar Parijda sotilgudek bo‘lsami, besh million frank turgan bo‘lardi. U o‘rash va teshiklarni yopish uchun foydalanar ekan. Insoniyat uchun qanday katta yo‘qotish!
Men sakrab turdim-da, “tort uchun rahmat aytish uchun” Taratonga yoniga shoshdim. U uyining yonida, lagunaga qarab trubka chekib o‘tirar edi.
- Taratonga, tortingni yedim, ajoyib ekan. Rahmat.
Taitilik ayol xursand bo‘lgandek tuyuldi.
- Bugun senga yana boshqasini pishirib jo‘nataman.
Men og‘zimni ochdim, lekin hech narsa deya olmadim. Bu ulug‘vor ayol o‘zi bilmay turib, dunyodagi eng buyuk daholardan birining ijodidan yig‘ilgan o‘ramlar egasi ekanligini his qildirishga haqqim yo‘q edi. Men haddan tashqari sezgirlikdan aziyat chekayotganimni bilaman, lekin uning nodonligini bildirishga yo‘l qo‘ymasligim kerak. Men Gogen rasmiga o‘ralgan yana bitta tort olishimdan taskin topib, jim bo‘ldim.
Do‘stlik bebaho narsa. Men kulbamga qaytib, kuta boshladim.
Tushdan keyin Gogen rasmiga o‘ralgan holda yana bir tort olib kelindi. Uning ahvoli avvalgisidan ham yomonroq edi. Kimdir uni pichoq bilan qirib tashlaganga o‘xshardi. Men Taratonganing yoniga bormoqchi bo‘ldim, lekin o‘zimni qo‘lga oldim. Axir, ehtiyotkorlik bilan harakat qilish kerak. Ertasi kuni men uning oldiga bordim va umrimda uning tortidan mazali narsa yemaganimni aytdim.
U yana jilmayib qo‘ydi.
Keyingi sakkiz kun ichida men buyuk mo‘yqalam kartinalari bilan o‘ralgan yana uchta tort oldim. Juda g‘aroyib soatlarni boshdan kechirdim, ruhim ezildi – meni egallab olgan kuchli badiiy hayajonni ta’riflashga boshqa so‘z yo‘q!
Tinchlantiruvchi dorilarni ichdim va qanday qilib Taratonga bilan uning bilimsizligini ta’kidlamasdan, nozikroq gaplashib olish haqida o‘ylay boshladim. Nihoyat, ochiqchasiga gapirishga qaror qildim va do‘stim Taratonga tomon yo‘l oldim.
- Taratonga, sen menga bir nechta tort yubording. Ular ajoyib edi. Bundan tashqari, ular bo‘yoq bilan bo‘yalgan matoga o‘ralgan edi, bu meni juda qiziqtirdi... Haligi... men yorqin ranglarni yaxshi ko‘raman. Ularni qayerdan olgansan?
- Ha, ularmi ... befarqqina javob berdi Taratonga. – Bobomda ularning bir to‘dasi bor edi.
- Bir to‘dasi?..
- Ha, bobom ularni bir paytlar orolda yashagan fransuzdan olgan. Menda yana bir galasi qolgan bo‘lsa kerak.
- Juda ko‘pmi? – duduqlandim.
- Oh! Bilmayman. O‘zing kirib ko‘rishing mumkin. Ketdik.
U meni quritilgan baliq va kokos bilan to‘ldirilgan omborga olib bordi. Qumli polda Gogenning o‘nlab rasmlari bor edi. Ularning barchasi qop tikiladigan matoda yozilgan va juda shikastlangan, lekin ba’zilari juda yaxshi holatda edi. Rangim oqarib ketdi, oyog‘imda zo‘rg‘a turdim. “Xudoyim, agar men bu yerda bo‘lmaganimda insoniyat uchun qanchalik yo‘qotish bo‘lardi”, deb o‘yladim. Ularning bahosi o‘ttiz million frankka yaqin...
- Agar xohlasang, ularni olishing mumkin, - dedi Taratonga.
Qalbimni dahshatli shubhalar tilka-pora qilib tashladi. Bu hayratlanarli insonlar naqadar beg‘araz ekanliklarini bilardim, biroq, ichimda mustahkam o‘rnashib olgan sivilizatsiya qarashlari ularga hech narsa taklif qilmasdan bunday sovg‘ani qabul qilishga botinishimga yo‘l bermadi. Qo‘limdagi ajoyib oltin soatni qat’iyat bilan yechib, Taratongaga berdim:
- Senga ham sovg‘a qilishimga ruxsat ber.
- Bizga vaqtni bilish uchun soat kerak emas. Quyoshga qarashimiz kifoya, - dedi u.
- Taratonga, afsuski, Fransiyaga qaytishim kerak. Butun insoniyat manfaatlari shuni taqozo etadi. Kema sakkiz kundan keyin yetib keladi, sovg‘angni xalqingiz uchun biror narsa qilishimga ruxsat berishing sharti bilan qabul qilaman. Menda ozgina pul bor, sizlarga ba’zi vositalar va dori sotib olish kerak bo‘lishi mumkin.
- Ha, mayli, - dedi u befarqlik bilan.
Men unga yetti ming frank berdim, kartinalarni oldim va xonamga yugurdim. Kemani kutayotgan hafta notinch o‘tdi, nimadan xavotirdaligimni ham bilmasdim, lekin ketishga sabrim yetmasdi. Shoirtabiatlar go‘zallikdan yolg‘iz bahramand bo‘lishni istamaydi, ular bu quvonchni boshqalar bilan baham ko‘rishi kerak.
Xazinamni san’at sotuvchilariga taklif qilish uchun Fransiyaga shoshildim. Ular suratlarni yuz million frankka sotib oladi. Ko‘nglimni faqat bitta narsa xijolat qilardi: qiymatning o‘ttiz-qirq foizi davlatga o‘tishi kerak. Bizning sivilizatsiyamiz shu tarzda hatto eng shaxsiy hudud, go‘zallik maydonini ham yorib kiradi.
Taitida Fransiyaga boradigan kemani o‘n besh kun kutishim kerak edi. Men orol va Taratonga haqida iloji boricha kamroq gapirishga harakat qilardim. Mening jannatimga qaysidir sanoatchining qo‘li tegishini istamasdim. Biroq, men turgan mehmonxona egasi orol va Taratongani yaxshi bilar ekan.
- U juda g‘alati xonim, shunday emasmi? - dedi u bir kuni kechqurun.
Men jim turdim. "Xonim" so‘zini dunyodagi men bilgan eng olijanob odamga nisbatan qo‘llashni haqoratli deb hisobladim.
- Albatta, u sizga rasmlarini ko‘rsatgan bo‘lsa kerak.
Men qaddimni rostladim:
- Nima?...
- Xudo haqi, u yaxshi chizadi. Taxminan yigirma yil oldin Parijdagi dekorativ san’at maktabida o‘qigan. Quritilgan kokos narxi tushib ketganda, u orolga qaytib keldi. Ajoyib tarzda Gogenga taqlid qilishi tufayli Avstraliya bilan doimiy shartnomasi bor, ular har bir surat uchun unga yigirma ming frank to‘laydi. U shu orqali kun ko‘radi. ...Sizga nima bo‘ldi, do‘stim? O‘zingizni yomon his qilyapsizmi?
- Yo‘q,.. - g‘o‘ldiradim men.
Qanday qilib o‘rnimdan turib, xonamga chiqib, o‘zimni karavotga tashlashga kuch topdim, bilmayman. Meni qandaydir chidab bo‘lmas jirkanch tuyg‘u bosib oldi. Dunyo meni yana aldadi. Katta poytaxtlardami, Tinch okeanining kichik orollarida, qayerda bo‘lmasin, eng past hisob-kitoblar inson ichini kemirishga qodir ekan.
Endi odam oyog‘i yetmagan yolg‘iz orolda yashashdan boshqa ilojim qolmadi....
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.