Qachon “qattiq qonunli” davlat bo‘lamiz?

Qonun-qoidalar mohiyatan tabiat va jamiyatda tartibni saqlab turish uchun yaratiladi. Insoniyat rivojlanishi bilan barcha sohalar, jumladan, qonun-qoidalar soni va xilma-xilligi ham o‘sib, ularni ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq qilish vositalari ham tobora takomillashib boradi.

Qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish – ko‘p bosqichli va murakkab jarayon. Qonun hujjati loyihasi tayyor qonun holiga kelguniga qadar ko‘plab “chig‘iriqlar”dan o‘tkaziladi. Qonun doirasi aloqador bo‘lgan davlat tashkilotlarining rasmiy munosabati o‘rganilib, baho beriladi. Davlat va jamiyatning barcha shart-sharoitlari o‘rganib chiqiladi va davlat idoralaridan huquqiy espertizadan o‘tkaziladi, so‘ngra imzolanib tasdiqlanadi.

Bugun barcha sohalarda davomiy olib borilayotgan izchil islohotlar yangidan-yangi qonun hujjatlarining qabul qilinishini, mavjud qonunlardagi ayrim normalarning zamon shart-sharoitlariga mos ravishda o‘zgartirilishini talab qiladi. Bu – tabiiy hol. Bu holat dunyoning rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlariga ham birdek daxldor. Chunki muayyan sohadagi munosabatlarni yanada rivojlantirishni yoki samaraliroq tartibga solishni ta’minlash uchun avvalo, ushbu munosabatlardagi huquqiy asoslar isloh qilinishi lozim.

Qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish yoki ulardagi moddalarni o‘zgartirish jamiyat hayotiga kirib kelgan o‘zgarishlar, yangiliklar va yutuqlarning, yangicha munosabtlarning aks-sadosi ham bo‘lishi mumkin. Odatda, rivojlangan davlatlarning qonunchiligidagi ijobiy jihatlar o‘zlashtiriladi va milliy qonunchilikka moslashtirilib kiritiladi. Agar qonunlarga o‘zgartirishlar ko‘p kiritilgan bo‘lsa, mazkur normativ-huquqiy hujjat yangi tahrirda qabul qilinadi.

Ammo yurtimizda ayrim qonun hujjatlariga tinimsiz kiritilayotgan o‘zgartirishlar holatini ham to‘liq ijobiy, deb bo‘lmaydi. Qonunosti hujjatlariga aksar hollarda ularni qonunlarga muvofiqlashtirish uchun o‘zgartirish kiritiladi. Lekin qonunlar-chi?

Chunki qonun hujjatlariga haddan tashqari ko‘p va tez o‘zgartirishlar, tuzatishlar kiritilishi mazkur qonun hujjatlarining nihoyatda “mo‘rt” tuzilganligini, zamon va makondagi sharoit va imkoniyatlar to‘liq hisobga olinmasdan ishlab chiqilganligini bildiradi. Qolaversa, qonunlardagi moddalarning “har kuni o‘zgarishi” jamiyatdagi o‘zgarishlarga mutlaqo aloqador bo‘lmasligi ham mumkin.

Shunday qonunlar qabul qilinadiki, o‘n kishi o‘qisa, o‘n xil talqin qiladi. Axir qonunlar barcha uchun bir xil bo‘lishi kerak emasmi? Bu esa qabul qilinayotgan qonunlarning mukammal ishlab chiqilmaganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksini olaylik. Mazkur kodeks 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan bo‘lib, unga 2018 yil 18 aprelga qadar qonunlar orqali 105 marta o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar, tuzatishlar kiritilgan. 2018 yil 19 apreldan 2020 yilning 31 yanvariga qadar bo‘lgan vaqt (hatto 2 yil ham emas) oralig‘ida esa yana 28 marta o‘zgartirishlar kiritildi. Ya’ni, jami 133 marta o‘zgartirishlar kiritilgan. Har safar o‘zgartirish kiritilganida o‘nlab moddalar o‘zgarishlarga uchraydi.

To‘g‘ri, bu vaqt oralig‘ida kodeksga yangidan-yangi normalar kiritildi, ayrim moddalar chiqarib tashlandi. Ammo aksariyat o‘zgarishlar ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanadigan jarima sanksiyalarining summasi o‘zgarishi bilan bog‘liq. “Yarim baravari miqdorida”, degan so‘zlar hech qancha vaqt o‘tmay “bir baravari miqdorida”, deb yoziladi. “Bir baravari miqdorida”, degan so‘zlar ham tezlik bilan  “bir yarim baravari”, “ikki baravari”, “uch baravari” bo‘lib o‘zgaraveradi...

O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga ham o‘tgan yillar davomida salmoqli o‘zgatirishlar kiritildi. Va, nihoyat, 2019 yil 30 dekabrda Soliq kodeksining yangi (uchinchi) tahriri tasdiqlandi.

Xo‘sh, nega ayrim qonunlardagi normalar bunchalik ko‘p o‘zgartiriladi?

Bu – qonun ijodkorligi bilan mashg‘ul bo‘ladigan “xalq noiblari”ning “ish ko‘rsatishlari”mikan? To‘g‘ri, ularning barchasi ham huquqshunos emas. Ammo qabul qilingan qonunni tasdiqlashdan avval “oqsoqollar” ham qonunni har taraflama o‘rganib chiqishlari lozim emasmi?

Jarima summalarini tinimsiz o‘zgartirmasdan, qat’iy summalarni belgilab qo‘yish ham mumkin-ku?! Aytishingiz mumkin, bu – huquqbuzarlarga nisbatan ko‘riladigan choralarni qat’iylashtirish uchun deb.

AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Singapur kabi davlatlar “qattiq qonunli” davlatlar sifatida butun dunyoga namuna bo‘la oladi. Negaki, bu davlatlarda qonunchilik mexanizmi juda yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qonunlar har tomonlama “sifatli” ishlab chiqiladi. Ushbu davlatlarda qonunlar kamdan-kam o‘zgaradi.

Singapur o‘zining ekologik jihatdan nihoyatda tozaligi bilan ajralib turadi. Aksariyat xalqaro tashkilotlarning hisobotlarida ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham dastlabki o‘rinlarda turadi. Jumladan, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot bo‘yicha dunyo davlatlari orasida birinchi o‘ntalikda, korrupsiyalashmaganlik darajasi bo‘yicha esa birinchi o‘rinda joylashgan. Mazkur davlat huquqi anglo-sakson huquqiga asoslangan bo‘lib, huquqbuzarliklar uchun nihoyatda katta miqdorda jarimalar belgilangan. Masalan, ko‘chada, jamoat joyida sigareta chekkanlik yoki sigareta qoldig‘ini tashlaganlik uchun, ko‘chaga tupurganlik uchun, chiqindilarni o‘rinsiz joyda qoldirganlik uchun, hattoki, uyingizning tashqarisidagi gullarga ko‘p miqdorda suv quyganlik uchun ham (bu ko‘chada hasharotlar sonining ko‘payib ketishiga sabab bo‘lar ekan) 500-1000 Singapur dollari kabi miqdorlarda jarima belgilangan. Bu davlatda jarima summalari baland, lekin qonunlar har oyda o‘zgarmaydi.

Qonunlar moddalarining juda tez o‘zgartirilishi ijtimoiy munosabatlarning barqaror tartibga solinishini qiyinlashtiradi. Agar, kecha qabul qilingan qonun bugun o‘zgartirilib, ertaga o‘z kuchini yo‘qotsa yoki yangi tahirda qabul qilinsa, bunday qonunlar xalq ongiga, zehniyatiga kirib bora oladimi?

Huquqiy davlat qurish uchun birinchi navbatda, hatto O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva tomonidan ta’kidlanganidek, “bardak” ahvolga kelib qolgan” qonunchiligimizni yaxshi yo‘lga qo‘yib olishimiz lozim. Buning uchun qonun qabul qilishdan avval xorij davlatlari qonunchiligi tajribasini (shundoqqina ko‘chirib qo‘ymasdan) hafsala bilan o‘rganish, yuridik sohada faoliyat yurituvchi barcha toifadagi mutaxassislarning fikrlarini eshitish, jamoatchilik fikrini o‘rganish va tahlil qilish ko‘lamini maksimal darajada kengaytirish, qonun ishlab chiqish mexanizimini muntazam takomillashtirish va albatta, mahalliy sharoitni inobatga olish lozim. Shunday qilinsagina, taklif qilinadigan qonun loyihalari  har tomonlama “pishiq” tayyorlanadi.

Albatta, so‘nggi yillarda qonunchilik mexanizmi nisbatan takomillashtirildi. Xususan,  ba’zi davlat organ va tashkilotlarining sayt va portallarida ishlab chiqilayotgan qonun va qonunosti hujjatlarining loyihalari e’lon qilib borilmoqda. Regulation.gov.uz saytida esa barcha davlat idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari va tashabbuskor guruhlar tomonidan ilgari surilgan normativ huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Pirovardida, agar qonun loyihasi aloqador davlat idoralarining ma’qullovidan o‘tmasa, qabul qilinmaydi.

Agar qonunlarimiz mukammal sifat bilan ishlab chiqilsa, ular amaliyotda to‘g‘ri qo‘llaniladi. Mukammal qonunlar bilan esa rivojlanib borayotgan jamiyatimizdagi barcha ijtimoiy munosabatlarni barqaror tartibga solish mumkin. Mukammal qonunlar amal qiladigan jamiyatdagina huquqiy ong va huquqiy madaniyat yaxshi shakllanadi.

Farrux MAJIDOV,

Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi.