To‘ylarni kim tartibga soladi?
Bu mavzu yana trendda. Sababi kovid kasalligi chekinib, yana o‘zini ko‘z-ko‘z, qilish, kimo‘zarga to‘y qilish avj oldi. Bu aniq...
Muhokamalarni kuzata turib xayolga bir fikr keladi. Karantin cheklovlaridan avval masala jiddiy tus olgani sabab, ijtimoiy tenglikni ta’minlash, ma’naviy tanazzulning oldini olish uchun parlament palatalari qo‘shma qaror qabul qildi.
Avval aytganimizdek, bu hujjat yuridik jihatdan qonuniy kuchga ega. Oddiy aytganda, O‘zbekistonda yashayotgan inson zoti borki unda belgilangan talablarni bajarishga majbur.
Lekin hech kim nega Senat va Qonunchilik palatasi belgilagan qoidalar bajarilmayapti, degani yo‘q. Bildirilayotgan fikrlar yana o‘sha to‘ydagi ortiqcha odatlar, dabdaba va boshqalar haqida. Ya’ni, o‘zak qolib, yana qobiq atrofida aylanyapmiz. Mantiq qani?
Aslida ma’raka-marosimlardagi salbiy odatlarning oldini olish uchun aniq tartiblar belgilangan bir sharoitda nega unga amal qilinmayotganini muhokama qilish kerak emasmi?
Yo‘q, bizga o‘zimizni bilganimiz, to‘g‘ri.
Hayron qolasan, demokratik huquqiy davlatda har qanday harakat yoki harakatsizlik aniq huquqiy normalar bilan tartibga solinmaydimi? Bas shunday ekan, nega aniq tartib turganda uning ijro so‘ralmaydi?
Senat va Qonunchilik palatasining qaroriga ko‘z yugurtirarkansiz, asosiy yuklama deputatlarning zimmasida. Afsuski, hokimiyatning muhim bir instituti bo‘lgan xalq noiblari hozircha, jamiyat hayotida o‘z o‘rni va rolini egallashga gohida hafsala, ayrim vaqtlarda jur’at topmayapti.
Xuddi shunday to‘y-hashamlar, oilaviy ma’raka va marosimlar masalasida ham bu ko‘zga tashlanmoqda.
Qaror talablariga ko‘ra, to‘yxona, kafe va restoranlarda 50 nafar va undan ortiq shaxslar ishtirokida oilaviy tadbirlar o‘tkazish uchun tadbir o‘tkazuvchi shaxs hamda to‘yxona, kafe va restoran rahbari o‘rtasida shartnoma tuzilishi kerak.
Oilaviy tadbirlarda san’atkorlar (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar) qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishi zarur.
Oilaviy tadbirlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qachon bu tartibga amal qilinganini ko‘rdingiz? Vaholanki, mutasaddi vazirlik va idoralar zimmasiga ayni qoidalarning ijrosi ta’minlash mas’uliyati yuklangandi. Misol uchun, belgilanganidek, mahalliy hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar, soliq va FHDYo organlari oilaviy tadbirlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilishi ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshiradi.
Qayd etilganlarda qaysi biri bu vazifasini bajaryapti?
To‘ylarni tartibga solishda amaldorlar, moddiy to‘q kishilar ibrat bo‘lishi haqida bir asr avval Behbudiy yaxshigina amaliyotni yo‘lga qo‘ygani ma’lum. Bugun bunday jur’at qiladigan kishini topish amrimaholligi ham aniq. Ammo yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan hujjat ijrosi-chi?
Savol ustiga savol, biroq tayinli javob yo‘q. Bizningcha, quruq mulohaza va muhokamalardan hech qanday natija yo‘q. Belgilangan aniq qoidalar ijrosiga kirishish kerak, tamom!