Qadr kechasi - ming oydan yaxshiroq

Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining toq kechalarining birida Qadr kechasi yashirilgan bo‘lib, u Qadr kechasi bo‘lmagan qamariy ming oydan yaxshiroqdir.

Sahih hadislarda Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunlarining toq kechalaridan birida ekani bayon qilingan: “Arjah (haqiqatga eng yaqin) qavlga binoan Qadr kechasi har yili mazkur toq kechalarda biridan biriga ko‘chib yuradi”. Ulamolarimiz Qadr kechasi bir yil u kechada, bir yil bu kechada bo‘lib ko‘chib yuradi, degan fikrni aytadilar. Mana shu bir kechada bajarilgan ibodat sakson uch yildan ko‘proq muddat ichida qilingan ibodatga teng bo‘ladi. Ber kecha, aniqrog‘i taroveh namozidan qaytganingizdan keyin saharlikkacha bor-yo‘g‘i to‘rt soatlik kecha. Agar siz bu muborak kechani toat va ibodatda o‘tkazsangiz, go‘yo bu toat-ibodatni sakson uch yildan ko‘proq vaqt davomida tinmay bajarayotgandek bo‘lasiz.

Rasulilloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Ramazonning har kunida barcha musulmonlar uchun qabul bo‘ladigan bir duo bor”, deganlar. Agar bu duo ro‘za paytida, ayniqsa, iftordan sal oldin qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi – adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi”.

Ramazon Qur’on tilovati, zikr va istig‘for oyidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda Qur’onni to‘liq Jabroil alayhissalom nazoratlaridan o‘tkazib olar edilar. Vafot topadigan yillarida esa Qur’onni bu ulug‘ farishtadan ikki marta o‘tkazib olganlar. U zot Ramazon oyida Qur’on tilovatini kuchaytirib, tungi namozdagi qiroatlarni uzaytirardilar. O‘tgan solihlarimiz ham bu oyda Qur’onni bir necha bor xatm qilib chiqishardi.

Bu oy xayr-ehson oyidir. Zero, payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiy bo‘lib ketardilar. Abdulloh ibn Abbos aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng saxovatlisi edilar”.

Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam deydilar: “Kim iymon ila, savob umidida Ramazon ro‘zasini tutsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi. Kim iymon ila, savob umidida Ramazon kechalarining ma’lum bir qismini taroveh namozini o‘qish bilan o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi. Kim iymon ila, savob umidida Qadr kechasini toat-ibodatda o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi”.

Bu oy tungi namozlar va nafl ibodatlar oyi hamdir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazib chiqardilar. Qachon oyning oxirgi o‘n kuni kelsa, oila a’zolarini va namozga kuchi yetadigan katta-yu kichikni uyg‘otardilar. Uyda o‘qiydigan nafl ibodatlarini Ramazonda masjidga chiqib, jamoat ko‘z o‘ngida uch kun mobaynida o‘qiganlari U zotning bu oydagi tungi namozlarga kuchli e’tibor qaratganlaridan darak beradi. Sahobalar bu oyda U zotning nafl namozlarga bo‘lgan e’tiborini ko‘rib, uni o‘zlariga doimiy odat qilib olganlar. Bu yaxshi odat hozirgi kunlargacha davom etib kelmoqda. Ramazon oyidagi tungi namozlar fiqh istilohida “taroveh” deyiladi. Bu namozni o‘qish barcha musulmon va muslimalar uchun sunnat hisoblanadi. Musulmonlar g‘ofil qolib, bu namozni o‘tkazib yubormasliklari kerak. Chunki Ramazondagi nafl namozlar uchun beriladigan ulug‘ savoblar boshqa oylarda berilmaydi.

Rahimberdi RUSTAMOV,

Samarqand shahridagi “Ruhobod” masjidi imom-xatibi noibi.