Qahva ichish mumkin bo‘lmagan uch toifa: Ular kimlar?

Qahva dunyo aholisi orasida eng ommalashgan ichimliklardan biridir. Yoqimli hid va g‘ayrioddiy ta’mga qo‘shimcha ravishda, qahva juda ko‘p foydali xususiyatlarga ham ega. Tongda uyg‘onishga yordam beradi, onkologiya va Parkinson kasalligi rivojlanish xavfini kamaytiradi, o‘t pufagini faollashtiradi, qon bosimini ko‘tarishga yordam beradi va hokazo. Ammo qahva ichish tavsiya etilmaydigan holatlar ham bor. Mutaxassislar bu ichimlik buyurilmaydigan uch toifa kishilarni sanab o‘tdi.

Bu toifaga 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, homilador ayollar va tez-tez yuqori qon bosimidan aziyat chekuvchi odamlar kirar ekan. Shifokorlar ularga qahva iste’molidan saqlanishni maslahat beradi. Shuningdek, kuniga 700 mg dan ortiq kofein (5-8 stakan 150 ml. qora maydalangan qahva) iste’mol qilish kalsiy va magniyni tanadan haydab chiqarishini ta’kidlashdi. Ichimlikni uzoq vaqt mobaynida me’yordan ortiq ichish osteoporoz rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Qahvaxo‘rlik kishilar salomatligi uchun birdek yoqimli hamda foydali bo‘lishi uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
Asosiy qoida, hamma narsa me’yorida yaxshi ekanini unutmaslikdir.

Bu kofein miqdoriga ham tegishli. Sevimli ichimlik o‘zingizga zarar yetkazmasligi uchun uni ruxsat etilgan xavfsiz doza — kuniga 250-300 mg.dan oshirmaslikka harakat qiling. Qahvani oz shakar bilan yoki umuman shakarsiz iching. Shunda ortiqcha vazn muammosiga ham uchramaysiz. Shakarsiz qora qahva siz uchun achchiqlik qilsa unga sut yoki qaymoq qo‘shib ichishingiz mumkin.