“Qalbi to‘la nur xalqning rizqi ham to‘liq”

O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov she’rlarini o‘qiganimda ko‘z oldimdan ulug‘vor tog‘larning salobati, sharqirab oqayotgan soylarning quvnoq “qo‘shig‘i”, bulbullarning sehrli navolari, tandirdan endigina uzilgan nonning ifori birdan namoyon bo‘ladi. Satrlardan satrlarga ko‘chayotgan ma’no meni hayrat girdobiga tortadi, visol ta’mini ilk bor shu satrlar orqali tuyaman:

O‘n sakkizga kirmagan kim bor,
Bog‘imdan gul uzmagan kim bor.
Sen haqingda yozib to‘rt satr,
Sirdoshiga asta ko‘rsatib,
Qo‘shni qizga bermagan kim bor.

Shoirning o‘ylari cheksiz, orzulari ham. Shu jumladan mening ham. Ummonning hali odam cho‘kmaydigan sayoz sohillari aro suzar ekanman, nima qilib bo‘lsa ham bu ummon ichkarisiga kirish istagi kuchayaveradi, bu istak chora izlashga undaydi. Shoir esa allaqachon ummon o‘rtasiga yetgan, mayoq bo‘lib yo‘l ko‘rsatib turgan hazrati ustozga ta’zim qilib uning muborak qo‘lini olishga ulgurgan:

O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa,
Oltin boshning kalla bo‘lgani shudir.
O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa,
Aldangani, alla bo‘lgani shudir.

Haqiqatan ham shunday. Besh yuz yil naridan turib avlodlariga e’tiqod, mehr-muhabbat, sadoqatdan dars berib kelayotgan buyuk zot qalamidan chiqqan, yuragi qatlarida tug‘ilib, butun shuuri orqali o‘tkazilgan bitiklarni biz, o‘zbeklar o‘qimasak, Afrika yo Amerikadagi xabash o‘qisinmi?

Do‘st bilan obod uying,
Gar bo‘lsa u vayrona ham.
Do‘st qadam qo‘ymas esa,
Vayronadir koshona ham.

Shoirning dunyo bevafoligi xususidagi to‘xtami bejizga emas. Bu dunyoda sening qadringga yetuvchi, suhbatiga oshno etuvchi, boshingga tashvish tushganida hech narsaga qaramay seni qo‘llaguvchi, dilini dilingga bog‘laguvchi odam - bu do‘st, o‘rtoq sanaladi. Ana shunday mukammal insonni topish shoir izlanishlariga sabab bo‘lsa, ne ajab:
Do‘st qidir, do‘st top jahonda,
Do‘st yuz ming bo‘lsa oz.
Ko‘p erur bisyor dushman,
Bo‘lsa u bir dona ham.
Shohruh Meliqulov,

O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi.