Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qalovini topsang, qor ham yonadi. Kattaqo‘rg‘onlik limonchi Erdosh bobo Ergashev buni amalda isbotladi

Erdosh bobo Kattaqo‘rg‘on tumani Qirg‘iz mahallasining Novqa qishlog‘ida yashaydi.
– Agronomman, bir umr qishloq xo‘jaligida ishlaganim uchun pensiyaga chiqqach ham bekor turgim kelmadi, – deydi Erdosh bobo. – 17 sotix hovli-joyimiz bor. Bir qismi tomorqa. Farzandlarimga maslahat solib, mo‘’jazgina issiqxona qursak, dedim.
Bu oilaviy maslahat 2011 yilda bo‘lgandi. Ergash bobo agronomligini ishga solib, issiqxona qurdi, uncha katta emas – eni 9 metr, uzunligi 28 metr, ichida odam bemalol yursa bo‘ladigan holatda. 

– Asosiy qurilish materiali – metall quvur, armatura, plyonka. Yer 30-40 santimetr qalinlikda chirindi go‘ng, tuproq bilan qoplandi, – deydi Erdosh bobo, tajribasini o‘rtoqlashib. – Temir quvurlar orqali suv bilan isitilib, ko‘mir, o‘tin yoqiladi. Bir mavsumda 2,5 tonna ko‘mir, bir telejka o‘tin sarflanadi, 1,5 million so‘mdan ko‘proq xarajat ketadi. Sug‘orish go‘ng sharbati bilan o‘tkaziladi, harorat 25-26 darajada mo‘’tadil ushlab turiladi. 
Erdosh bobo 2011 yilda qurgan issiqxonasiga 43 tup uch yillik "Mayer", "Mer", "Yubileyniy", "Nova gruzinskiy" navlari kabi limon ko‘chati o‘tqazgan edi. Mana, besh yildan buyon hosil beryapti.
– Ularning gullash, pishish davri har xil, – deydi limonchi bobo. – Masalan, "Mayer" navini olsak, yilning to‘rt faslida ham gullaydi. Yil davomida hosil beradi. Yana besh-o‘n yildan keyin bu navli limonning har tupidan yiliga 250 kilogrammdan hosil olsa bo‘ladi.

Hozirda Erdosh bobo har tup limondan 53-54 kilogrammgacha, jami 2 tonnadan ortiq hosil olib, 20 million so‘mgacha daromad qilmoqda.
– Issiqxonada faqat limon yetishtirmaymiz, – deydi Erdosh bobo. – Qator orasiga qulupnay ekkanmiz, hademay pishib yetiladi, pomidor ko‘chati yetishtirib sotamiz. Olayotgan daromad hisobiga 2 sotixli yana bitta issiqxona qurdik. Hajmi 10x21 metr. Bu issiqxonaga Erondan tajriba uchun 22 tup, har biri 250 ming so‘mdan apelsin, mandarin, banan ko‘chatlarini keltirib o‘tqazdik. Yaxshi amal oldi. Kelasi yilda nasib bo‘lsa, nishona beradi.


Tog‘aymurod ShOMURODOV,
Baxtiyor MUSTANOV
(foto).