Qamoqqa olingan shaxsning yaqinlariga 24 soat ichida emas, darhol xabar beriladi
Joriy yilning 14 may kuni “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga Jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi binosida videokonferensaloqa tizimi orqali o‘tkazilgan seminar-mashg‘ulotda mazkur qonunning to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishi orqali yagona tergov va sud amaliyotini shakllantirish haqida so‘z yuritildi, deb xabar bermoqda mazkur sud axborot xizmati.
Seminarda viloyat, tuman (shahar) sudlari raislari va sudyalari, prokuratura xodimlari, IIB, DXX tergovchilari, Davlat bojxona boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi surishtiruvchilari hamda advokatlar ishtirok etdi.
– Mazkur qonunda shaxsni ushlash, himoyachidan voz kechish, shuningdek, shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish jarayonlari videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi belgilangan, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudining sudyasi B.Aliqulov. Shaxsni ushlash videoyozuv orqali qayd etilmagan holda, ushlab turilgan shaxs IIO yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinganda, videoyozuvdan foydalangan holda uning protsessual huquqlarini tushuntirish lozimligi, ushlab turilgan shaxsga videoyozuv uni namoyish qilish orqali tanishtirilishi, ushlab turish, shaxsiy tintuv o‘tkazish yoki olib qo‘yish bayonnomasiga protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilganligi haqida yozib qo‘yilib, videoyozuv materiallari bayonnomaga qo‘shilishi qayd etilgan. Sud-tergov amaliyotida mazkur qonun talablariga qat’iy amal qilinishi inson huquq va erkinlarini ta’minlashning yaqqol ifodasi bo‘ladi.
Yangi qonunga ko‘ra, ushlab turish tarzidagi, qamoqqa olish, uy qamog‘i yoki ekspertiza o‘tkazish uchun shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasi qo‘llanilganligi haqida shaxsning oila a’zolaridan biriga, ular bo‘lmagan taqdirda esa boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga, boshqa davlatning fuqarosiga nisbatan bunday choralar qo‘llanilganda, Tashqi ishlar vazirligiga darhol xabar berilishi kerak. Ilgari tegishli choralarni qo‘llagan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud 24 soat mobaynida bu haqda xabar berishi shart edi.
Savol-javob tarzida olib borilgan tadbirda ushbu qonun shaxs huquqini asossiz cheklashning oldini olishga xizmat qilib, sud-tergov faoliyatida fuqarolar huquq va erkinliklariga, shu jumladan himoyaga bo‘lgan huquqiga so‘zsiz va og‘ishmay rioya qilinishini ta’minlashi, surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida qonunlarga qat’iy amal qilish majburiyati yuklanishi ta’kidlandi.