Qamoqxona kameralariga 50 kishi o‘rniga 150 kishi joylashtirilgan, mahbuslar o‘ta xavfli jinoyatchilar bilan bir xonaga qo‘yilgan

Kamerada o‘n oy o‘tirdi. O‘n oy davomida hech qanday ayblov, tushuntirish yo‘q. Faqat turish yoki o‘tirish, havo yo‘qligidan yarim nafas olish mumkin bo‘lgan kamera. Bularning barchasi yosh va baquvvat Abdusalom uchun qo‘rqinchli emas edi. Ammo... Kunlarning birida dim kameraga yangi mahbusni olib kirishdi. Sochlari oqargan bu mahbusni ko‘rganda Abdusalomning yuragi qinidan chiqib ketayozdi. U - o‘zining ilmiy maslahatchisi, professor, O‘zbekiston milliy tarixchilar maktabi asoschisi Po‘lat Soliyev edi. O‘shandagina Abdusalomning yuragida adolat tantana qilishiga zarracha umid qolmadi...

1908 yilda Samarqand shahrining Chorraha mahallasida tug‘ilgan Abdusalom Akramov ilk saboqni pedagogika bilim yurti maqomidagi internatda oldi. Ushbu internat kambag‘al oilalar farzandlari uchun bo‘lib, bolalar bu yerda yashab, o‘qigan, ust-bosh, ovqat bilan ta’minlangan. Uni tugatgach, o‘qituvchi bo‘lib ishladi.

Shu bilan birga u Mahmudxo‘ja Behbudiy ochgan maktablarda, Abduqodir Shakuriyning usuli jadid maktabida tahsil oldi va ustozlari Shakuriy, Rahim Hoshim, Vadud Mahmud kabi bu ishlarni davom ettirdi.

Yosh Abdusalom shundan so‘ng jamiyatning faol a’zosiga aylana boshladi. Dastlab “bulvar” – bugungi Universitet xiyobonidagi daraxtlarni ekishda, talabalar qo‘mitasi tashkil etishda, musiqa to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘yishda bosh-qosh bo‘ldi. Choyxonalarda yoshlarni bilimga chorlovchi kechalar tashkil etdi va shundan so‘ng, 1924 yilda akasi Nasim bilan birga savodsizlikni tugatish maktabi ochib, yoshlarni o‘qitdi. Bu ezgu ishda Saidrizo Alizoda, Abduqodir Shakuriy, Hamza Hakimzoda Niyoziylar maslahatiga suyandi, ular bilan hamsuhbat bo‘lib ta’im sirlarini o‘zlashtirdi.

Keyinchalik Moskvada “rabfak” – rabochiy fakultetda tahsil oldi. Moskvada o‘qish barobarida Tojik vakolatxonasida avval tarjimon, so‘ngra maxfiy qism boshlig‘i va mas’ul kotibi lavozimlarida mehnat qildi. Sakkiz tilni bilgani uchun Moskvada ham bir muddat ishlaydi. Shijoati, bilimi bilan Vataniga xizmat qilishga bel bog‘laydi.

Bir qaraganda uning harakatlari biror noto‘g‘ri yo‘l yo‘q edi, hatto qarashlarida ham. Bilim olish va uni odamlarga sarflashday ezgu maqsadlarni ko‘zlagandi u. Vaholanki, 1930 yilda o‘qituvchilar malakasini oshirish institutida direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritadi. Bu orada O‘zDU xorij tarixi bo‘yicha tahsil ham oladi. 1932 yilda «Narkompros»ning topshirig‘iga asosan Tojikiston pedinstitutiga ishga jo‘natiladi va u yerda yuzlab o‘qituvchilarning bilimini boyitishga hissa qo‘shadi. 1934 yildan 1937 yilgacha esa Samarqandda shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasida ishlab, bir paytning o‘zida institutda kechki smenada tahsil oladigan talabalarga dars berdi. Ammo shunday kunlarning birida bu oila boshiga qora bulut soya soldi. Qora bulut ham gapmi, to‘satdan kelgan dovulday xonadondagi kulgularga chek qo‘ydi.

 Mash’um 1937 yilning 23 avgusti bu oila uchun qora kunday xotirada saqlanib qolgan. Hech qanday sabab va tushuntirishlarsiz oila boshlig‘i, Abdusalom Akramovni NKVD xodimlari uyga kelib, hibsga olishadi. Uning uyidagi barcha kitob, qo‘lyozmalar, olib ketiladi. (Achinarlisi, keyin Akramov ozodlikka chiqqach bu nodir ashyolar oilaga qaytarilmaydi. Ular orasida uning oliy ta’lim dargohida o‘qiganligi haqidagi diplom, mehnat daftarchalari ham bor edi).

Kamerada o‘n oy o‘tirdi. O‘n oy davomida hech qanday ayblov, tushuntirish yo‘q. Faqat turish yoki o‘tirish, havo yo‘qligidan yarim nafas olish mumkin bo‘lgan kamera. Bularning barchasi yosh va baquvvat Abdusalom uchun qo‘rqinchli emas edi. Ammo... Kunlarning birida dim kameraga yangi mahbusni olib kirishdi. Sochlari oqargan bu mahbusni ko‘rganda Abdusalomning yuragi qinidan chiqib ketayozdi. U - o‘zining ilmiy maslahatchisi, O‘zMU professori, O‘zbekiston milliy tarixchilar maktabi asoschisi, O‘zbekiston tarixi bo‘yicha ko‘plab ilmiy maqolalar muallifi, barcha talabalarning sevimli ustozi Po‘lat Soliyev edi. O‘shandagina Abdusalomning yuragida adolat tantana qilishiga zarracha ham umid qolmadi. Hatto kamerada ham ustoz ustozligicha qoldi. U mahbuslarga Amir Temur, Ulug‘bek, u bilan yonma-yon ishlagan Vyatkin haqida gapirib berar, Navoiy dostonlaridan parchalar o‘qirdi. 1938 yilda "xalq dushmani" professor Po‘lat Soliyev otildi.

Bu orada Abdusalomning taqdiri hal qilindi. O‘zbekiston SSR Oliy sudining maxsus kollegiyasi Abdusalom Akramovni 10 yilga mehnat lagerlarida qamoq jazosiga hukm qildi. Mahbus A.Akramov Kuybishev viloyatiga jo‘natildi. Bu yerda “Bezimyanskaya TES” qurilishida ishladi. Urush. Mahbuslar uch hafta davomida ketma-ket 24 soat sanoat maydonchasida turgan Stalin vaxtasi. Urush yillari qurilish harbiy qism nazoratiga o‘tadi va mahbuslarning ularni urushga yuborish haqidagi arizasi rad etiladi. Sababi, ushbu ob’yektlar front liniyasining muhim qismlaridan biri etib ko‘rsatiladi. A.Akramov shu tariqa front ortida, ammo urushdagilar singari mehnat qiladi.

- Otam qatag‘on yillaridagi hayoti haqida ko‘p gapirishni istamas, biz, farzandlari ham otamning ko‘nglini og‘ritmaslik uchun bu haqda so‘ramasdik, - deydi u kishining qizi Lola Akramova. – Keyinchalik onam ba’zi-ba’zi voqealarni bizga aytib bergan. Jumladan, qamoqxonaning 50 kishi uchun mo‘ljallangan kameralariga 150 kishini joylashtirishgani, turli jinoyatchi, qotillar bilan birga otam kabi ziyoli, aybi faqat xalqqa ziyo taratish, allomalarimiz merosini o‘rgangan olimlar ham ko‘p bo‘lgan ekan. Kameradagilarga ajratilgan joy shunchalik kichkina bo‘lganki, biri uxlab olishi uchun bir nechtasi tik turib kutib turishiga to‘g‘ri kelgan. Bu yoqda qolgan oilamizga ham ko‘p bosimlar bo‘lgani haqida onamning yig‘lab aytib berganlari hamon qulog‘im ostida jaranglaydi.

Aytishlaricha, otamni olib ketishgach, eng yaqin qo‘ni-qo‘shnilar ham onam, buvim, ya’ni otamning onalari bilan gaplashmay qo‘ygan, ularni ko‘chada ko‘rib qolguday bo‘lishsa ham yuz burib ketib qolishgan ekan. Bu ham o‘sha davrning murakkabliklari, odamlarning har sharpadan ham qo‘rqitib qo‘yilganligi oqibati bo‘lsa kerak. Keyin urush yillari boshlanadi. Nafaqat «xalq dushmani» deb topilgan oila, balki butun xalqlar boshiga kulfat solgan, hech bir oilani chetlab o‘tmagan urush yillari boshlandi.  Onam Samarqanddagi “Hujum” fabrikasi ishchilarining bolalari uchun tashkil etilgan bog‘chada ishlab, oilasini bu beomon kunlardan omon asrab qoldi. Beshta jonga berilgan bir bo‘lakkina non, har kuni o‘nlab, ochlikdan sillasi qurib, yo‘llarda non so‘rab vafot etgan bolalarning jasadini ortgan aravalar, u yoki bu xonadondan tarqalayotgan yig‘i, faryod ovozlari… Onam bularni ko‘zyoshsiz gapirmas, gapira turib, o‘sha zamonlarga qaytganday ancha vaqt indamay qolardi.

1947 yilning avgusti. Yoqimli, iliq kun... Roppa-rosa o‘n yildan so‘ng Abdusalom oilasiga qaytdi. Uning onasi o‘g‘lini kuta-kuta dunyodan o‘tdi...

Qaytib kelganida uyi, bog‘ini akasi olib qo‘ygan, rafiqasi, bolalari esa onasining uyida yashayotgan ekan. Hujjatlari olib qo‘yilgan, ishsiz, uysiz, bolalari och…

«Oilamni olib, Oqdaryo tumaniga borib, yerda mehnat qildik, - deya yozib qoldirgan Abdusalom Akramov o‘z xotiralarida. – Shu yerda brigadir sifatida ishlab, yangi bog‘-rog‘lar barpo etdik, yo‘llar qurilishida qatnashdik. Asta-sekin hayotni izga tushira boshladi».

A.Akramov 22 yil intiq kutgan voqea 1959 yil 10 oktyabrda ro‘y berdi: Akramov Abdusalom Husaynovich oqlandi!

1964 yilda hujjatlarini tiklagach, Abdusalom Akramov Ulug‘bek rasadxonasida saqlovchi bo‘lib ishlay boshladi.

O‘zining ustozi Po‘lat Soliyev xotirasiga buyuk astronomning sekstantini saqlab qolish, Vasiliy Vyatkinning qabri yo‘q bo‘lib ketishining oldini olish uchun u Moskvaga Mirzo Ulug‘bek muzeyini qurish to‘g‘risida iltimosnomalar yoza boshladi. Nihoyat Abdusalom Husaynovichning qat’iyati natija berdi: Moskvadan komissiya keldi. Memorial qurishni boshlash haqida qaror qabul qilindi.

Mehnat lageridagi og‘ir yillar o‘zini bildirdi. Abdusalom Akramov og‘ir kasallikdan so‘ng 1975 yil 23 aprelda yorug‘ olamni tark etdi.

Bugungi kunda yurtimizda totalitar tuzum davrida qatag‘on qilingan, Vatan mustaqilligi, xalqimiz ozodligi uchun kurashda jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, faoliyatini o‘rganish va merosini ommalashtirish ishlari davom ettirilmoqda. O‘ylaymizki, olimlar Abdusalom Akramov va o‘sha mash’um yillarda xalqqa ma’rifat tarqatgan, fidoyilik ko‘rsatgan insonlar hayoti va faoliyati haqida chuqurroq o‘rganish, izlanishlar olib boradi. Zero, o‘z zamonasi qurboniga aylangan, nohaqliklardan aziyat chekkanlar xotirasi tiklash ezgu ishdir.

Umida Xolbekova.