"Qanchalik befahm": Tramp Bayden AQShning muhim sirini oshkor qilganini aytdi

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Pentagonda artilleriya o‘q-dorilari yetishmasligini tan olgan Oq uy rahbari Jo Baydenni tanqid qildi.

Avvalroq Bayden Ukraina Qurolli kuchlariga kassetali o‘q-dorilar yetkazib berish G‘arb davlatlari oddiy snaryadlar ishlab chiqarishni ko‘paytirgunga qadar, vaqtinchalik chora ekanligini ma’lum qilgandi.

Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytganidek, hozir yadro qurolidan foydalanish xavfi tufayli AQSh tarixidagi “eng xavfli davr”dir. "Bizda-chi, nima qilayotganini tushunmaydigan odam bor. O‘rnidan turib, butun dunyoga o‘q-dorilarimiz yo‘qligini aytgan odam", dedi g‘azab bilan sobiq prezident.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, uning vakolat muddati tugagan paytda, AQShdagi harbiy omborlar “liq to‘la” bo‘lgan.

"Biz hammasini berdik. Nahotki, hammasini tugatgan bo‘lsa, bu dahshat. Bundan ham yomoni, u bu haqda butun dunyoga jar soldi, Xitoy va boshqa dushman davlatlarga bizda o‘q-dori yo‘qligini aytdi. O‘ylab ko‘ring. Buni aytish uchun, qanchalik befahm bo‘lish kerak?" – dedi Tramp.

Yaqinda YouGov tadqiqot kompaniyasi va Yahoo News axborot portali hamkorlikda o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aksariyat amerikaliklar 2024 yilda AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp ham, amaldagi davlat rahbari Jo Bayden ham AQSh prezidentligiga qayta saylanmasligi kerak, deb hisoblaydi. Tadqiqotga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan amerikaliklarning 55 foizi Baydenni AQShning yangi prezidenti sifatida mos emas degan bo‘lsa, 53 foizi Trampga qarshi fikrda.