Qanday belgilar paydo bo‘lsa, koronavirusga chalingan bemor albatta shifoxonaga yotqizilishi kerak?

AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov ushbu savolga javob berdi:

- Xavotirlanish va shifokorga murojaat qilish uchun quyidagi simptomlarni inobatga olish lozim:

- hansirash (havo yetmayotganligini sezish) — nafas olish chastotasi bemorning tinch holatida daqiqasiga 22 va undan yuqori bo‘lishi;

- tana harorati stabil ravishda 39 daraja va undan yuqori bo‘lib, isitmani tushiruvchi dori vositalari yordamida tushmasligi;

- qonning kislorod bilan ta’minlanishi 90 foizdan past bo‘lishi (bu ko‘rsatkich pulsoksimetr yordamida aniqlanadi);

- qon bosimining tushib ketishi yoki keskin ko‘tarilib ketishi (90 dan past yoki 220 dan yuqori);

- yurak urishining tezlashishi — puls daqiqasiga 130 va undan yuqori bo‘lishi;

- bemorda ong ko‘rsatkichlarining pasayishi;

- qo‘shimcha xavf omillari: yoshi 60 va undan yuqori, yondosh kasalliklar — diabet, gipertoniya, yurak xastaliklari, o‘pka va buyraklar surunkali kasalliklari, onkologik kasalliklar va immunitetning pasayishi;

- og‘ir simptomlarning mavjudligi, ya’ni chidab bo‘lmaydigan og‘riqlar, jumladan bosh og‘riqlari, to‘xtamasdan qayt qilish va intensiv diareya.

Bu holatlarda zudlik bilan shifokorga murojaat qilib, bemor statsionarga yuborilishi lozim.