Qanday ishlarda voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanish mumkin emas?
Adliya vazirligi qanday ishlarda voyaga yetmaganlar mehnatga jalb etilmasligi haqida ma’lumot berdi.
Quyidagi ishlarda voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi:
- yer osti, suv osti, xavfli balandlikda yoki yopiq muhitda bajarish;
- xavfli mexanizmlar, asbob va uskunalar bilan bog‘liq bo‘lgan;
- xavfli buyumlar yoki jarayonlar, harorat, shovqin yoki to‘lqinlanish darajasining yuqori ta’sirida voyaga yetmaganlarning sog‘lig‘iga zarar yetkazishga olib keladigan zararli sharoitlardagi;
- og‘ir mehnat sharoitlarida bajariladigan (ish vaqtining davomiyligi uzoq bo‘lgan, tungi ishlar va boshqalar bilan bog‘liq bo‘lgan);
- o‘zining xususiyati bilan bunday toifadagi xodimlarning axloq-odobiga zarar yetkazadigan;
- belgilab qo‘yilgan normadan ortiq og‘ir yuk ko‘tarishi va tashish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarda.
18 yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari bilan bog‘liq ishlar ro‘yxati va 18 yoshga to‘lmagan shaxslar ko‘tarishlari va tashishlari mumkin bo‘lgan og‘ir yuk normalari chegarasi Bandlik va mehnat munosabatlari va Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan belgilanadi.