Qandli diabeti bor kishilarda nega virus og‘ir kechadi?
Koronavirusga chalingan bemorlar davolana boshlagandan beri ba’zi xastaliklari bor kishilar ehtiyotkor bo‘lishlari, o‘zlarini boshqalardan ko‘ra ko‘proq asrashlari haqida fikrlar bildirilmoqda.
Bu gap nechog‘li to‘g‘ri? Virusga chalingan bemorlar nimalarga e’tibor qaratishi kerak? Keling, shu haqda fikrlashaylik.
Koronavirus tarqala boshlagan paytiyoq xorijlik mutaxassislar yondosh xastaliklari, jumladan, qand kasali bor insonlar o‘zini ehtiyot qilishi haqida bong urdilar. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham bu haqda ta’kidlagach, ushbu xastalik bo‘yicha davolash ishlarini olib borayotgan shifoxonamizda ham qator choralar amalga oshirildi. Xususan, shifokorlar bemorlar bilan onlayn muloqotda bo‘lib, zarur tavsiyalarni berib bordi.
Birinchi navbatda, bunday insonlar qand miqdorini normallashtirib turishlari, parhezga rioya qilishlari lozim. Qand kasalligi bor bemorlarning xastalik darajasi turlicha bo‘ladi. O‘rtacha darajadagilari ko‘p hollarda shifokorlarning barcha tavsiyasiga ham amal qilmaydi. Xususan, muolajalarni vaqtni o‘tkazib olishadi, parhezga amal qilishmaydi.
Virus tarqalishi hali to‘xtamagan bu kunlarda qandli diabeti mavjud bemorlar o‘z sog‘ligiga e’tiborli bo‘lib, o‘zlariga tegishli bo‘lgan muolajalarni o‘z vaqtida olishlarini tavsiya etgan bo‘lardim.
Koronavirus ushbu xastalikda og‘ir kechishining asosiy sababi, qonda uning tarqalishiga qulay muhitning mavjudligidadir. Umuman, dunyo olimlarining xulosalariga ko‘ra, virus birinchi navbatda organizmning ojiz a’zosiga ko‘proq zarba beradi. Bu esa u yoki bu xastaligi mavjud insonlar, avvalo, o‘sha a’zolariga bee’tibor bo‘lmasliklari, o‘z vaqtida davo muolajalarini olib turishlari lozimligini anglatadi.
Ayni kunlarda viloyatda COVID-19 ga chalingan bemorlar davolanayotgan taqsimlash markazida ham dispanserimizning uch nafar tajribali shifokori faoliyat olib bormoqda. Ular markazga keltirilgan, qandli diabeti bor insonlarni davolashda o‘z hissalarini qo‘shayotir. Aytish kerakki, o‘z vaqtida davolanib yurgan, qoidalarga amalga qilgan qandli diabeti bor insonlar orasida ham virusni yengil o‘tkazish holatlari uchramoqda. Ammo sog‘ligiga e’tiborsizlik qilgan bemorlarda xastalik og‘ir kechishi kuzatiladi.
Aziza Yusupova,
Samarqand viloyat endokrinologiya dispanseri bo‘lim boshlig‘i.