“Qand”ni oshirsangiz, halovatingizni yo‘qotasiz

Vazningiz haqida ma’lumotga egamisiz? Juda ko‘p xastaliklar ildizi stressga borib taqalishini bilasizmi? Nega yildan yilga qandli diabet bilan kasallanganlar soni ortib boryapti? Har oyda 10-12 nafar bolalar shu kasallikka chalinyapti, nega?

Salomatlik bilan bog‘liq bu savollarga javobingiz bo‘lishi juda muhim.

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur va tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Unda markazda shu yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqda ma’lumot berildi.

- Aholi salomatligini asrash bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, yirik islohotlarga aylanib ketdi, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy markazi viloyat filiali bosh shifokori Gulzoda Negmatova. – Birlamchi bo‘g‘in bilan bir qatorda ixtisoslashgan markazlar ham uzoq yillar orzu qilgan shart-sharoitlar, zamonaviy uskunalarga ega bo‘ldi. Markaz misolida aytadigan bo‘lsam, shu yilning o‘zida 571 ta jarrohlik amaliyoti, shundan 439 tasi yuqori texnologiyali amaliyotlar bajarildi.  Viloyatda 15 ta diagnostika va 6 ta davolash usullari joriy etildi.  Tumanlarda kasallikni erta va samarali aniqlash va shunga qarab uni o‘z vaqtida davolash imkoniyatiga ega bo‘lgan usullar joriy etildi. Qolaversa, markazda standartlarga mos jihozlangan zamonaviy laboratoriya bo‘limi tashkil etilgan bo‘lib, unda 126  turdagi tahlillarni bajarish, qalqonsimon bez kasalliklarini aniqlash va qiyosiy tashxislash maqsadida bir qator eng muhim tahlillarni amalga oshirish keng yo‘lga qo‘yilgan. Markaz shifokorlari tomonidan bolalarga qulaylik yaratish maqsadida past bo‘ylik sindromini aniqlashda ishlatiladigan somatotrop gormon, bolalarda o‘sish muammolari bo‘yicha stimulyasion probalarini o‘tkazish joriy  etilgan.

Semizlik aniqlangan bemorlarda bioempedans tahlili asosida individual sog‘lomlashtirish dasturlari joriy etildi. Yil davomida 145 nafar bemorda bioimpedens tahlil asosida sog‘lomlashtirish rejasi tuzilib, nazoratga olindi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, keyingi yillarda qandli diabet xastaligi tobora yosharib bormoqda. Ilgari viloyat miqyosida bir yilda 10-15 nafar bolada qandli diabet aniqlangan bo‘lsa, hozirda har oyda shuncha bola ushbu kasallikka chalinyapti. Bu xastalikning sabablaridan biri vazn ortishi bilan bog‘liq ekani ko‘pchilikka ayon. Afsuski, tadqiqotlarimizda shaharda yashayotgan bolalarda vazn ortishi bilan bog‘liq holatlar ko‘p uchrayotganini kuzatyapmiz.

To‘g‘ri, qo‘rquv, avlodlarida bu kasallik bilan og‘riganlik holati, stress kabilar ham kasallik keltirib chiqaradi. Ammo barchasini nazorat qilib borish mumkin. Xususan, jismoniy faollik eng yaxshi usul. Jismonan faol insonlar vaznini me’yorida ushlab turishi barobarida stressdan ham o‘z vaqtida xalos bo‘lishadi.

Kasallikning oldini olish maqsadida skriningga alohida e’tibor qaratyapmiz. Shu yil 1,1 million nafardan ziyod aholini skrining tekshiruvlaridan o‘tkazdik. Bu tekshiruvlar davomida 539 ming 367 nafar aholida qonda qand miqdori o‘lchangan va bu jami skriningdan o‘tkazilgan 40 yosh va undan yuqori aholi orasida 48,5 foizni tashkil qilgan. Skriningdan o‘tgan aholi orasida 5526 nafarida birinchi marta diabetoldi holati, 41242 nafarida ortiqcha vazn, 6190 nafar qandli diabet va 7910 nafar semizlikka chalingan bemorlar aniqlandi. Ularga zarur tavsiyalar berildi.

Press-tur davomida bir guruh ommaviy axborot vositalari xodimlari ham chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tdi.

Gulruh MO‘MINOVA.