Qanliko‘lda kuchli shamol tufayli ko‘p qavatli uylarning shiferlari "parvoz qildi". Jabrlanganlar bor...
Kecha soat 17:30 - 18:00 lar atrofida Qanliko‘l tumani "Mustaqillik ko‘chasi"dagi ko‘p qavatli 6-uyning shiferlari qattiq shamol tufayli uchib tushdi. Bu haqda kruz.uz’ga shu hududda yashovchi fuqarolar telefon qilib tafsilotlarni ma’lum qilishdi.
Aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ko‘p qavatli uy tamirlanayotgan bo‘lgan. Kuchli shamol shiferlarni uchirib yuborgan. Hodisa natijasida shu yerda uyni ta’mirlayotgan ikki nafar usta jarohat olgan va ular kasalxonaga olib ketilgan.

Bundan tashqari, kuchli shamol natijasida 6-uyga sim yog‘ochlar ham qulab tushgan. Ikki soat davomida elektr tarmog‘ida uzilish holati yuzaga kelgan.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, hozirda 6-uy atrofida tuman hokimligi va boshqa tashkilotlar tiklash ishlari olib bormoqda.

Bu Qoraqalpog‘istondagi "shiferlar parvoz qilishi" bilan bog‘liq birinchi voqea emas. Bunga qadar Chimboy tumanida ham "kuchli shamol" tufayli shiferlar parvoz qilgandi.
Aholi vakillarining aytishicha, ko‘p qavatli uylarning tomiga o‘rnatilgan shiferlar shig‘ etgan shamolga ham uchib tushish darajasida "mustahkam" qurilgan ekan.
Ushbu holat va shiferlar masalasida rasmiy ma’lumot kutamiz, deyiladi xabarda.