Qariyb 82 foiz o‘zbekistonliklar 2022 yilni xursandchilik, ko‘tarinki kayfiyatda kutib olmoqda
«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mamlakatimiz fuqarolari yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayramini qanday kayfiyat va umidlar bilan kutib olishni rejalashtirayotganliklarini aniqlash maqsadida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi.
O‘zbekistonliklarning yangi yiloldi kayfiyatini tahlil qilish, ularning Yangi yil bayramini nishonlashga bo‘lgan munosabatini (jumladan, hissiy holatni), bayram an’analarini (jumladan, nishonlash joyi, bayram dasturxoni, sovg‘alar tayyorlash), 2021 yil sarhisobi va 2022 yildan kutilayotgan ezgu umidlarni hisobga olgan holda amalga oshirildi.
Telefon so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, o‘zbekistonliklarning mutlaq ko‘pchiligi Yangi yilni nishonlaydi.
Bayram oldidan respondentlarning aksariyati (81,8 foizi) yaxshi onlarni kutish bilan bog‘liq xursandchilik, ko‘tarinki kayfiyatga ega, so‘rov ishtirokchilarining yangi yil ularga yangi yutuqlar va oddiy insoniy quvonchlar olib kelishiga, yaqin kishilari va qarindoshlarining iliq tabassumi bilan to‘lib-toshishiga ishonchi komil.
Shuningdek, ko‘pchilik yangi 2022 yilni o‘z uyida kutish va nishonlashni rejalashtirmoqda (92,4 foiz).