Samarada o‘zbekistonliklar yashagan uy yonib ketdi

O‘zbekistonning Qozon shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasining ma’lumotiga ko‘ra, 2020 yil 7 noyabr kuni Samara viloyati Samara shahri, Promishlennosti ko‘chasida joylashgan shaxsiy uy yonib ketgan.

Yong‘in natijasida 5 nafar odam jarohat olgan, 4 kishi vafot etgan.

Ular orasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi A.X. ham borligi aniqlangan. Fuqaro N.I.Pirogov nomli 1-son shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Unga is gazidan zaharlanish, boshning yumshoq to‘qimalari lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan.

Ayni paytda vafot etganlarning shaxsi aniqlanmoqda.

Rossiya huquqni muhofaza qilish idoralari tergov harakatlarini olib bormoqda. Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan hamda vakolatli organlar va tibbiyot muassasasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.