1,7 million o‘zbekistonlik chet elda mehnat qilmoqda
26 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining “O‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash chora-tadbirlari”ning ijrosi yuzasidan axboroti eshitildi.
Unda, 1,7 million o‘zbekistonlik chet elda, asosan, Rossiya va Qozog‘istonda mehnat qilayotgani ma’lum qilindi.
Mamlakat aholisining 55 foizdan ortig‘i yoshlardan iboratligi hamda yiliga mehnat bozoriga 600 mingga yaqin ishchi kuchi kirib kelayotgani mazkur muammoning naqadar muhimligidan dalolat beradi.
Ta’kidlanishicha, 21 may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida migrantlar masalasiga alohida urg‘u berilgani, shu kunning o‘zida Rossiyada “O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyadagi huquqlari: mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari” mavzusida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya forumi ham migratsiya masalasining mintaqadagi ahamiyatini belgilab bergan.