Mehnat muhojiri "qaroqchi"lik qilmaydi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh o‘zbekistonliklar tomonidan Moskva shahrida ota-bola kaltaklanib, pullarining olib ketilgani haqida xabar tarqaldi.

TASS va ba’zi internet nashrlari mazkur voqea ishtirokchilarini o‘zbek mehnat muhojirlari sifatida ta’riflamoqda.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, mehnat muhojiri kim?

Mehnat muhojiri odatda o‘zga yurtda talonchilik yo‘li bilan emas, aksincha,  o‘zining halol mehnati bilan pul topadigan inson bo‘lishi kerak. Bu kabi yo‘l bilan pul topish hamma davlatda ham jinoyat sifatida qoralanadi.

Mamlakatimiz mehnat bozoriga har yili 600 mingdan ortiq ishchi kirib kelayotgan bugungi sharoitda millionlab yurtdoshlarimiz turli xorijiy mamlakatlarda mehnat qilmoqda va ularning aksariyati Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan mehnat muhojirlari uchun Rossiya hukumati tomonidan qator imtiyoz va imkoniyatlar ham berilmoqda. Qolaversa, insonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlaydigan shunday qiyin vaqtlarda Rossiyada og‘ir hayot sharoitlariga tushib qolgan o‘zbekistonliklar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish maqsadida “Saxovat” markazi tashkil etildi.

Mehnat muhojirlari hayotini yengillashtirish yuzasidan yuqoridagi kabi jiddiy qadamlar qo‘yilayotgan bir paytda ko‘chada begunoh odamlarni vahshiylarcha kaltaklab, talonchilik qilishni hech qanday o‘lchov bilan oqlab bo‘lmaydi.

Bu kabi holatlar nafaqat Rossiyada mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz, qolaversa, butun O‘zbekiston xalqi sha’ni uchun ham to‘g‘ri ish emas, deb yozmoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov.

Axir, bir chelak suvni iflos qilish uchun bir necha loyqa tomchini aralashtirish yetarli bo‘ladi.