365 nafar mehnat muhojirini olib kelish chorasi ko‘rilyapti
Xabar qilganimizdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi xodimlari va viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari ishtirokida Rossiya Federatsiyasidagi “SU-10”, “Monotek” kompaniyalarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan mehnat migrantlari bilan onlayn muloqot tashkil etildi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat filiali yetakchi mutaxassisi Elbek Qo‘qonovning aytishicha, muloqotda yurtdoshlarimiz yashash va ish sharoitlari, kredit, tegishli guvohnomalar olgan holda malaka oshirish imkoniyatlari dolzarb masalalar muhokama qilingan.
"Bugungi kunda yana bir jihatni e’tiborga olish muhim. Ya’ni, mehnat muhojirlarining qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasi, ularni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilyapti. Bu bo‘yicha 1 mart kuni Prezidentimiz tomonidan “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror imzolandi. Unga ko‘ra, 2022 yil 1 iyundan Rossiya Federatsiyasi, Turkiya hamda Qozog‘istonning tegishli hududlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillik instituti joriy qilinadi.
Ushbu qaror bilan 2022 yil 1 maydan boquvchisi xorijga ishlashga ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ro‘yxatida turgan, hokim yordamchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan fuqarolarga har yili 540 ming so‘mdan bir martalik yordam beriladi. Nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravasi, eshitish apparati va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun 1,3 million so‘mdan yordam ko‘rsatiladi. Qolaversa, “daftar”lardan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi bilan ishlashga ketganlarga 10 million so‘mgacha mikroqarz taqdim etiladi.
Bugungi kunda hokim yordamchilari va profilaktika inspektorlari tomonidan xorijda bo‘lgan 160 mingga yaqin samarqandlik mehnat muhojirining to‘liq ro‘yxati shakllantirildi. Ularning oila a’zolari bilan suhbatlar o‘tkazilib, sharoiti, muammolari o‘rganildi.
Xususan, ularning 340 nafari hujjatlarida muammosi borligi, 332 nafari ishsiz qolgani va ish haqi ololmayotgani, 424 nafarining doimiy yashash joyi yo‘qligi aniqlandi, 365 nafari esa mablag‘i yetarli emasligi sababli yurtimizga qaytolmayapti. Mablag‘i yo‘qligi sababli qayta olmayotgan fuqarolarni “daftar”lardan biriga kiritib, olib kelish choralari ko‘rilyapti.
Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga muvofiq, 5 aprel kuni viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari rahbarligidagi guruh Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg hamda Yekaterinburg shaharlariga jo‘nab ketdi. Hozirda xorijda vaqtincha mehnat qilayotgan fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil qilinib, muammolari hal etilyapti", deydi E.Qo‘qonov.