Qarz berilganini guvoh bilan ham isbotlasa bo‘ladimi?
Fuqarolik kodeksining 733-moddasi 1-qismiga binoan qarz beruvchi yuridik shaxs bo‘lganida yoki fuqarolar o‘rtasida tuzilgan qarz shartnomasining summasi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari (3 mln 400 ming so‘m) dan ortiq bo‘lgan hollarda qarz shartnomasini oddiy yozma shaklda tuzilishi talab qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1999 yil 24 sentyabrdagi 16-son qarorining 21-bandiga asosan sudlar qarz shartnomasining oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmasligini nazarda tutishlari lozim.
Fuqarolik kodeksi, 109-moddasining birinchi va ikkinchi qismiga muvofiq, taraflar bunday holda guvohlarning ko‘rsatuvlariga asoslanishga haqli emas, lekin bu ularni yozma va boshqa dalillar keltirish imkoniyatidan mahrum qilmaydi.
Agar pul yoki ashyo olganlik fakti inkor etilmasa, u holda uni yozma dalillar bilan tasdiqlash talab qilinmaydi, har bir taraf o‘z talablarini asoslash uchun keltirayotgan holatlarni isbotlashga majbur.
Shunga ko‘ra, bir taraf pul yoki ashyoni qarz uchun berganini tasdiqlab, ikkinchi taraf uni olganini inkor qilmasdan bu pul yoki ashyo qarzga emas, balki hadya tariqasida bergan deb tasdiqlasa, sud pul yoki ashyo olgan tarafdan qarz emas, balki hadya shartnomasi bo‘lganligini tasdiqlovchi dalillarni talab qilib olishi va shu asosga ko‘ra nizoni hal qilishi lozim.
***
Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.