Qatorteraklik "mahallakom opa"

Yaqinda Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh faollar “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida Past Darg‘om tumani “Qatorterak” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Oltinoy Qudratova ham bor.

- Aholi dardini o‘zimniki deb bilaman, - deydi u. – Mahalla ahlining aksariyatini toza ichimlik suvi muammosi qiynar edi. Keyingi yillarda 2 ta suv inshooti qurildi. Elektr energiyasidagi uzilishlarning oldini olish maqsadida 100 dona eski simyog‘och yangi beton ustunlarga alamashtirildi. Markaziy ko‘chalarimizga tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Qishda loy, yozda chang bo‘lib yotadigan qabristonga eltuvchi 2,5 kilometrlik yo‘limiz shag‘allashtirildi. Hududimizdagi yo‘llar yoqasiga 6 ming tup manzarali daraxtlar ekildi. Bu ishlarning barchasi fermer va tadbirkorlarimiz, tashabbuskor aholimiz tomonidan amalga oshirildi.

Tomorqadan unumli foydalanishda mahalla faollari aholiga o‘rnak bo‘lyapti.

- Mahalla markazining 2 sotixlik tomorqasi mavjud, - deydi Oltinoy Qudratova. - Bu yerdan yil davomida  unumli foydalanamiz. Kuzda to‘qsonbosti ekin sifatida sarimsoqpiyoz ekamiz. Ko‘klam kelgach, gul va sabzavot ekinlari urug‘ini qadaymiz. Tomorqada yetishtirilgan mahsulotlar ehtiyojmand oilalarga tarqatiladi. 

Shu mahallada yashovchi Maftuna O‘rinova ota-onasining bevaqt o‘limi sabab 15 yoshida bir ukasi va bir singlisi bilan yetim qoldi. Ularga xolasi bosh-qosh bo‘ldi. Maftuna maktabni bitirib, o‘z aravasini o‘zi tortishga ahd qildi. Bugungi kunda ukasi va singlisiga ham onalik, ham otalik qilmoqda. U ayni paytda tikuvchilik bilan shug‘ullanyapti.

- Bolaligimdan bu hunarga qiziqardim, - deydi Maftuna. – Ammo menda tikuv mashinasi yo‘q edi. Mahalla faollari tavsiyasi bilan “Yoshlar daftari”ga kiritildim va menga zamonaviy tikuv mashinasi ajratildi. Hozirda buyurtma asosida ayollar uchun ko‘ylaklar tikyapman. 

Ehtiyojmand oilalar, ayniqsa, yordamga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni kun tartibiga kiritgan mahalla raisi ham unga qo‘lidan kelgancha ko‘mak ko‘rsatib kelyapti. 

Mahalla markazi binosida o‘quv kursi tashkil etilgan, - deydi M.O‘rinova. – Mahallamiz raisi Oltinoy opaning taklifi bilan tikuvchilik sirlarini chuqurroq o‘rganish maqsadida ushbu markazga qatnayapman. Mahalla faollaridan minnatdorman. Bizni yolg‘izlatib qo‘ygani yo‘q.

Mahallada hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. 100 dan ziyod xonadonni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, 200 dan ziyod eskirgan simyog‘ochlarni yangilariga almashtirish, tadbirkorlar va hunarmandlar safini kengaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratish mahalla faollari oldida turgan asosiy vazifalaridir.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (surat).