Qaysi biri to‘g‘ri: Amir Temur masjidimi yoki Bibixonim masjidi?
Samarqand shahridagi Islom Karimov ko‘chasida, Siyob bozori yaqinida joylashgan masjid 1399-1404 yillarda Sohibqiron Amir Temur tomonidan bunyod etilgan.
1398 yilda Hindistonga yurish qilgan Amir Temur o‘sha davr tarixchilarining yozishicha, “Agar Samarqandga sog‘-salomat qaytsam jome masjidi quraman”, deb niyat qiladi. Hind zaminida muvaffaqiyatli harbiy yurishlarni olib borgan Amir Temur Dehli sultonligini mag‘lubiyatga uchratib, 1399 yil bahorida Samarqandga qaytadi. 95 ta fil, ko‘plab ot, tuya va boshqa ko‘plab o‘ljalardan iborat karvon 1399 yil 29 aprelda Samarqandga kirib keladi.
Shundan so‘ng Amir Temur o‘z niyatini amalga oshirish uchun 1399 yil may oyi boshida Bibixonim madrasasi ro‘parasida yangi jome masjidi qurish to‘g‘risida farmon beradi. Ramazon oyining to‘rtinchi kunida (milodiy 1399 yil 19 may) masjidning qurilish ishlari boshlanadi.
Inshootni bunyod etishda Eron, Ozarbayjon va Hindistondan kelgan ustalar, sangtarosh va me’morlar ham jalb qilinadi. Tarixchilarning qayd etishicha, masjidni qurish uchun toshlar Zarafshon tog‘laridan Hindistondan olib kelingan fillarda tashilgan.
Amir Temur masjid qurilishini o‘zi bevosita nazorat qilish maqsadida davlat boshqaruvini ham shu yaqin orada joylashgan Bibixonim madrasasi va Tuman og‘a xonaqosida turib amalga oshiradi.
Ammo oradan bir necha oy o‘tgach, Amir Temur yuzaga kelgan vaziyat taqozosi tufayli G‘arbga qo‘shin tortishga majbur bo‘ladi. Amir Temurning bu yurishi qariyb besh yil davom etadi. Shu vaqtda ham masjid qurilishi to‘xtamaydi va 1404 yil yoz oylarida deyarli yakunlanadi.
Hijriy 807 yil muharram oyida (1404 yil iyul-avgust) Amir Temur poytaxtga qaytib keladi. U masjidni ko‘zdan kechirib, qurilishdan ko‘ngli to‘lmaydi. Chunki masjidning eshigi uning qarshisida joylashgan Bibixonim madrasasining eshigiga nisbatan ancha past bo‘lgan edi. Shundan so‘ng Sohibqiron eshikni buzib, qaytadan mahobatli va ulug‘vor qilib qurishga farmon beradi.
Ta’mirlash ishlari kecha-yu kunduz davom ettiriladi. Zero, Amir Temur jome masjid qurilishini Xitoyga mo‘ljallangan yurish oldidan yakunlashni niyat qilgan edi. 1404 yilning noyabr oyida ko‘p qor yog‘ishi va qattiq sovuq natijasida qurilish ishlari to‘xtatiladi. Lekin bunga qadar asosiy ishlar deyarli yakunlangan edi. 1405 yil fevralda Amir Temur vafot etganidan so‘ng masjidda qayta qurilish ishlari amalga oshirilmaydi.
Yodgorlik Amir Temur tomonidan qurilgan bo‘lsa-da, u ko‘proq xalq orasida Bibixonim jome masjidi, deb yuritiladi. Bibixonim – XIV asrning 40 yillarida O‘rta Osiyoda hukmronlik qilgan Chig‘atoy xonadoniga mansub Amir Qozonxonning qizi. Asli ismi Saroymulkxonim bo‘lib, 1370 yilda Amir Temurga turmushga chiqqan.
Masjidning nomlanishi haqida bir necha xil qarashlar mavjud. Ularning birida aytilishicha, Amir Temur G‘arb yurishiga ketayotgan vaqtda (1399 yil) masjid qurilishi hali tugallanmagan edi. Sohibqiron yurishga ketgach, masjid qurilishiga Bibixonim rahbarlik qilib, oxiriga yetkazadi. Shu sababdan masjid Bibixonim nomi bilan atalgan. Lekin o‘rta asrlarga tegishli biror manbada ushbu masjid haqida so‘z ketganda Bibixonim nomi keltirilmagan. Xo‘sh unda nima uchun masjid Bibixonim nomi bilan atalib kelmoqda?
Gap shundaki, masjid ro‘parasida XIV asr oxirida Saroymulkxonim - Bibixonim tomonidan ulkan madrasa bunyod etilgan bo‘lib, ushbu madrasa XVI asrdayoq vayrona holatga kelib qolgan edi. XVII asrda so‘nggi ashtarxoniy hukmdorlar davrida Buxoro xonligida yuzaga kelgan og‘ir siyosiy-iqtisodiy vaziyat, qabilalar o‘rtasidagi o‘zaro urushlar oqibatida mamlakat zaiflashadi va qozoq sultonlari tomonidan bir necha marta talanadi. Ushbu urushlar vaqtida, ayniqsa, Samarqand ko‘p talafot ko‘rib, hududda o‘lat tarqaladi va aholi shaharni tark etadi. Oradan yillar o‘tib, Buxoro amiri Shohmurod davrida shahar tiklanib, yana aholi bilan to‘ladi. Biroq ko‘plab me’moriy obidalar joylashgan hudud va ularning nomlanishi xalqning xotirasidan ko‘tariladi. Shu tariqa Amir Temur jome masjidi ham bir vaqtlar uning qarshisida qad rostlab turgan Bibixonim madrasasi sifatida nomlanib ketgan.
1895-1896 yillarda professor N.Veselovskiy rahbarligida P.Pokrishkin, rassom va fotograf S.Dudin, fotograf I.Chistyakov, arxitektor-rassom N.Щyerbina-Kramarenko, A.Щusev va boshqalar ishtirokida Samarqandga tarixiy-me’moriy ekspeditsiya tashkil etiladi.
Ekspeditsiya doirasida Amir Temur jome masjidi arxitektor-rassom N.Щyerbina-Kramarenko tomonidan tadqiq etilib, ushbu bino aslida Bibxonim madrasasi emas, Amir Temur tomonidan qurilgan jome masjid ekanligi ilmiy jihatdan asoslanadi. Shundan so‘ng bino yana masjid sifatida nomlana boshlanadi. Bibixonim nomi esa saqlanib qoladi va hozir ham ko‘pchilik Sohibqironning ushbu mahobatli masjidini “Bibixonim jome masjidi”, deb ataydi. Aslida bunday nomlash noto‘g‘ri bo‘lib, masjid “Amir Temur jome masjidi” sifatida ko‘rilishi va atalishi maqsadga muvofiq.
Mahmudxon YuNUSOV,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.