Qayta moliyalashtirish stavkasi pasaydi, kredit foizlari tushadimi?
Respublika Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasini 1 foizga pasaytirib, 14 foiz darajasida belgiladi. Xo‘sh, ushbu pasaytirilish qaysi kreditlar stavkalariga ta’sir qiladi?
Mazkur pasaytirilish depozitlar bo‘yicha foiz stavkalar, banklararo pul bozori foiz stavkalariga o‘z ta’sirini o‘tkazadi hamda pasaytirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining pasayishi va unga talabning oshishi natijasida iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash hisoblanadi.
Markaziy bank tomonidan ushbu qaror iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalarini saqlab qolish zarurati, shuningdek, pandemiya sharoitida inflyasiyani pasaytirish va iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Ushbu pasaytirilish bir nechta kredit turlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi. Masalan, tijorat banklari tomonidan ta’lim kreditlari 2020 yil 1 yanvarga qadar Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan o‘zgaruvchi foiz stavkalarida ajratilgan. Mazkur nizomda ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz stavkasi va tijorat banklari tomonidan qo‘shiladigan foizlar uchun to‘lovlar miqdori Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi oshish yoki kamayishiga qarab o‘zgarishi mumkin. Bu kredit shartnomasida qayd etilgan bo‘lishi kerak.
Shuningdek, 2020 yil 1 yanvardan ta’lim kreditlari stavkalari bozor stavkalarida belgilanadi.
Demak, 2020 yil 1 yanvarga qadar ta’lim krediti olgan shaxslar agarda bank bilan tuzilgan shartnomada foizlar Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasida belgilanishi to‘g‘risida band bo‘lsa, kredit foiz stavkasini 1 foizga pasaytirish haqida tijorat bankiga talab qo‘yishi mumkin.
«Har bir oila - tadbirkor» dasturi doirasida kreditlar ajratish Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida, 2021 yil 1 yanvardan esa tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda o‘rnatiladigan stavkalarda ajratiladi. Shundan kelib chiqib, «Har bir oila - tadbirkor» dasturi doirasidagi kreditlar 2020 yil 11 sentyabr sanasidan boshlab rasmiylashtiriladigan kredit shartnomalariga muvofiq yillik 14 foiz stavkada ajratiladi.
Prezidentimizning “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 28 noyabrdagi Farmonining 4-bandida yangi tartib doirasida Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga ajratilgan mablag‘lar hisobidan birlamchi uy-joy bozorida sotiladigan kvartiralarni (shu jumladan, yangi tartib doirasidan tashqari qurilgan va birlamchi uy-joy bozorida sotiladigan kvartiralarni) sotib olish uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi pasaytirilganda ipoteka kreditlari bo‘yicha foizlar mutanosib ravishda kamayishi, oshirilgan taqdirda esa o‘zgarishsiz qolishi belgilangan. Shundan kelib chiqib birlamchi uy-joy bozorida sotiladigan kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari mutanosib ravishda pasaytiriladi.
Sh.SUVONQULOV, Markaziy bank Samarqand
viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.
J.BAHRIYeV, kredit boshqarmasi boshlig‘i.