Qirg‘izistonda lotin alifbosiga o‘tish taklif qilindi
Qirg‘iziston parlamenti deputatlari Emil Toktoshev va Kamila Taliyeva chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qirg‘iz tilini lotin alifbosiga o‘tkazishni taklif qilishdi, ularning fikricha, bu tilni saqlab qolishga yordam beradi.
“Haqiqiy islohot o‘tkazish, tilimizni asrab-avaylash uchun lotin alifbosiga o‘tish zarur”, dedi deputat Toktoshev parlamentning “Qirg‘iziston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida.
Uning hamkasbi Taliyeva bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, buni ancha oldin qilish kerakligini ta’kidladi.
"Agar lotin alifbosiga o‘tish bo‘yicha “siyosiy” qaror qabul qilinsa, filolog va tilshunos olimlar bu jarayonni boshlashga tayyor", deya javob berdi deputatlarga Davlat tili milliy komissiyasi raisi Kanibek Osmonaliyev.
“Bu masala 1993 yilda ham ko‘tarilgan, biroq o‘shanda o‘tish bo‘yicha hech qanday siyosiy qaror qabul qilinmagan. Bugungi kunda olti turkiyzabon davlatdan faqat Qirg‘iziston kirill alifbosidan foydalanadi”, — dedi Osmonaliyev.
Muhokama yakunlari bo‘yicha “Qirg‘iziston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu deyarli barcha faoliyat sohalarida hujjat yuritishda qirg‘iz tilidan majburiy foydalanishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasidan qonun loyihasi tashabbuskorlarining fikricha, rasmiy rus tili tahqirlanmaydi va undan zaxira til sifatida ham foydalanish mumkin.