Qirq nafar talaba xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi

Bu yil Samarqand davlat chet tillar instituti Narpay xorijiy tillar fakultetining birinchi qaldirg‘ochlari mustaqil hayotga qadam qo‘yadi. Fakultetga birinchi qabul qilingan 73 nafar talaba institutni bitiradi.
Bitiruvchi talabalar faqat o‘qish bilan cheklanmay, fakultetning o‘ziga xos metodikasi va o‘qitish tizimi yordamida ilmiy salohiyatini rivojlantirib, jahon tillarini o‘rganish va ularda erkin muloqot qilishda katta muvaffaqiyatlarga erishdilar. Fakultet bitiruvchilari jahon tillari va madaniyatlarini o‘rganishda erishgan yutuqlari bilan alohida e’tiborni tortmoqda. Shu vaqtga qadar 40 nafardan ortiq talaba o‘z yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro va milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, ular orasidan bir qancha talaba Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan "Ibrat farzandlari" va media-lagerlarda turli treninglar, seminarlar va mahorat darslarida qatnashib, media sohasidagi yetakchi mutaxassislar bilan tajriba almashdi. Ular o‘zlarining chet tillari bo‘yicha bilimlarini nafaqat institutda, balki jamiyatda ham qo‘llab, turli sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishga tayyorlanmoqda. Bitiruvchilar orasida turli mamlakatlarda tahsil olishni rejalashtirganlar, xalqaro kompaniyalarda ishlashni maqsad qilgan va o‘qituvchi sifatida faoliyat boshlashni istaganlari ham bor. Talabalarimizning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishiga ishonamiz.
Umida RO‘ZIYeVA,
SamDChTI Narpay xorijiy tillar fakulteti o‘qituvchisi.