Qirq yillik tarbiya mevasi

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, shoir Bahodir Ubaydulloh (Rahmonov)ning «Qirq yillik tarbiya» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limlari hamda "Ovozi Samarqand" gazetasi tahririyati hamkorligida tashkil etilgan mazkur adabiy uchrashuv «Omadning ikkinchi nomi – shukrona», deb nomlandi.

Tadbir avvalida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov so‘zga chiqib, kitobda jamlangan xalq, inson, uning fazilatlari, urf-odat va an’analari haqidagi hayotiy mushohadalar, uning ma’naviy-axloqiy jihatlari haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Toshpo‘lat Tugalov, faxriy jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev, viloyat tojik va tojikzabon milliy-madaniy markazi rahbari Akbar Mahmudov hamda yozuvchi va shoirlar ushbu kitobning ibratli jihatlari haqida to‘xtaldi.

– Bahodir Rahmonov shogirdim, uning ijodi bilan ko‘p yildan buyon tanishman, - dedi F.Toshev. – U ijodkor bo‘lish bilan birga falsafa fanlari doktori ham. Bu esa uning so‘z bilan birga tafakkur, fikr yuritish qudratini yurakdan his qila oladi. Shu bois o‘z ustida tinimsiz ishlaydi va buning natijasida har bir yozgan ibratomuz mushohadalari pishiq-puxtaligi va yuksak badiiy saviyasi bilan o‘quvchi tiynatida muhrlanib qoladi. Ushbu kitobi uning umrining qirq yili davomida hayotdan olgan ta’limi, xulosalari mevasidir.