Qishda Toyloqda elektrdan muammo bo‘lmaydimi?
Xabar berganimizdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan Toyloq tumanida elektr ta’minoti tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.
- O‘tgan yil qishda kuzatilgan anomal sovuqda yuz bergan holatlardan xulosa chiqarib, bu yil mavsumga yaxshi tayyorgarlik ko‘rildi, - deydi tuman hokimi B.Bobonazarov. – Mavsum oldidan sektor rahbarlari, tuman elektr, gaz va suv oqova tizimi mutaxassislari bilan birgalikda joylarda o‘rganishlar olib borilib, kamchiliklar bartaraf etildi. Jumladan, elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 400 ga yaqin beton ustun va ularga elektr uzatish simlari tortish uchun mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratildi.
Shuningdek, homiylar va aholi tomonidan 20 dan ortiq transformator o‘rnatildi va tuman elektr ta’minoti korxonasi bilan hamkorlikda elektr simlari tortish ishlari davom etmoqda. Qolaversa, tuman hokimligida kommunal soha bilan bog‘liq murojaatlarni eshitish va muammolarni hal qilish bo‘yicha shtab ham tashkil qilingan. Nasib bo‘lsa, bu yil qishda tumanda elektrdan muammo bo‘lmaydi.
Press-tur davomida ishtirokchilar tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Toyloq tuman eletkr ta’minoti korxonasiga qarashli uchta podstansiya va bitta tarqatuvchi punkt mavjud. Tumanda 6-10 kVli tarmoqlar 48 ta bo‘lib, shundan 35 ta havo tarmog‘i tuman elektr ta’minoti korxonasi, 13 tasi esa iste’molchilar hisobida.
- Tumanda 761 dona transformator punkti mavjud, - deydi tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Akbar Siddiqov. - Mavsumga hozirlik ko‘rish maqsadida 64 ta transfortmator va 128,3 kilometr elektr tarmog‘i mukammal, 79 ta trasformator punkti hamda 216,59 kilometr havo tarmog‘i joriy ta’mirlandi. 15 ta manzilga yangi transformator o‘rnatilib, 908 beton ustun almashtirildi. Tizimdagi avariya holatlarini bartaraf etish uchun 5 ta navbatchi brigada tashkil etilgan bo‘lib, ularga to‘rttadan xodim biriktirilgan.
Press-tur doirasida tumanning G‘o‘lba mahallasidagi Zarobod qishlog‘ida bo‘ldik. Toyloq tuman elektr ta’minoti qurilish brigadasi boshlig‘i San’at To‘xtayevning aytishicha, qishloqqa 44 ta temir-beton ustun olib kelinib, 1,3 kilometrga elektr uzatish kabeli tortilmoqda.
Ayni paytda tumanda elektr uzatish tarmoqlarini tortish, transformatorlarni ta’mirlash va yangisiga almashtirish hamda temir-beton ustunlarini o‘rnatish ishlarining yakuniy bosqichi davom etmoqda. Press-tur davomida jurnalistlar ushbu jarayonlarni kuzatib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.