Qishloq maktabi o‘qituvchisi rus tili bo‘yicha sertifikat oldi
Urgut tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Abdurofi Xursandov Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti rus tili instituti tomonidan ushbu tilini bilish darajasi bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov yakuniga ko‘ra uchinchi darajali (S-1) til bilish sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Tajribali o‘qituvchi 48 yildan buyon maktabda o‘quvchilarga rus tilidan saboq berib keladi.
– Ustoz bizga ham ushbu fandan saboq bergan, – deydi maktab o‘quv bo‘limi boshlig‘i K.Bobomurodov. – Juda boy tajribaga ega pedagog, xalq ta’limi a’lochisi. Pensiyada bo‘lishiga qaramay, hali ham o‘z ustida ishlashdan, izlanishdan charchamaydi. Dars berish bilan birga yosh o‘qituvchilarimizga o‘z tajribalarini o‘rgatib kelmoqda.
Mazkur sertifikat o‘qituvchiga oylik maoshining 50 foizi miqdorida ustama berishga asos bo‘ladi.