Qishloq turizmi rivojlanadimi?

Bunday fikrlar "Markaziy Osiyoda barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash uchun biznes uyushmalar orqali qishloq turizmi va ekoturizmni kuchaytirish" loyihasi doirasida Savdo-sanoat palatasining viloyat hududiy boshqarmasida tashkil etilgan seminarda alohida ta’kidlandi. 
Kuzatuvlarga ko‘ra, qishloq turizmini rivojlantirish orqali, avvalo, shaharliklarning qishloqda, tabiat bag‘rida hordiq chiqarishlariga zamin yaratiladi, mablag‘lar qishloqqa yo‘naltiriladi va tabiiy toza qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan bahramand bo‘linadi. Yevropa davlatlarida shu uchta soha keng rivojlangan. Xo‘sh, bizda-chi? 

– Mamlakatimizda turizmning har bir sohasini, xususan, qishloq turizmini taraqqiy ettirish uchun barcha imkoniyatlar yetarli, – deydi Savdo-sanoat palatasi bosh mutaxassisi Sardor Boboqulov. – Afsuski, bizda qishloq turizmini qo‘llab-quvvatlovchi huquqiy hujjatlarning yo‘qligi, sohaning rivojlanishini rag‘batlantirish bo‘yicha mintaqaviy dasturlarning sustligi va to‘siq bo‘ladigan bir qator muammolar sabab bu sohada oqsoqliklar kuzatilmoqda. Shuning uchun bu kabi kamchiliklarni bartaraf etishda respublikamizdagi uchta hudud – Rishton, Urgut va Nurota tumanlari tajribaviy hududlar sifatida tanlab olindi. Bu yerdagi mutaxassislar uchun Qirg‘izistonda o‘quv tashkil etildi. 
Seminarda olimlar va soha mutaxassislari qishloq turizmi borasidagi tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, Nurota tumanidagi Sentob qishlog‘ida turistlarni jalb qilish usullari va ular uchun yaratilgan qulayliklar, Rishton tumanidagi uy-mehmonxonada sayyohlarga milliy an’analarimiz asosidagi mehmondo‘stlik jarayonlari aks etgan roliklar namoyish etildi. 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.