Qishloq xo‘jaligi texnikalari ko‘rgazma-yarmarkasi o‘tkazildi

Ikki kun davom etgan ko‘rgazmada “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimidagi korxonalar tomonidan o‘ttizdan ortiq eng zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikalari namoyish etildi.
– Qishloq xo‘jaligi sohasida foydalanilayotgan texnika va texnologiyalarning eskirganligi samaradorlikka ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda, – deydi “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati bosh mutaxassisi Elshod Usmonov. – Shu bois qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tizimi qayta tashkil qilindi. Buning natijasida 2017 yilda qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va lizing bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish hajmi 1,7 baravar, mexanizatsiya xizmatlari hajmi 2,5 baravar oshdi. Shu bilan birga sohani mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon texnika bilan ta’minlash, texnik parklarini yangilash, ularga o‘z vaqtida servis xizmatlari ko‘rsatishni tashkil borasida jadal ish olib borilmoqda. Mazkur ko‘rgazma ham fermerlar, qishloq xo‘jaligi korxonalari mutasaddilarini zamonaviy texnika va texnologiyalari bilan tanishtirishga qaratilgan.
Ko‘rgazma davomida ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi uchun turli rusumdagi yuqori unumli traktor va kombaynlar, urug‘ ekish uchun pnevmatik seyalkalar, lazer yordamida yer tekkislovchi va melioratsiya ishlari uchun ixcham texnikalar bilan yaqindan tashish imkoniga ega bo‘lishdi.
– Xo‘jaligimizning 40 gektar yer maydonida paxta va g‘alla yetishtiramiz, – deydi Oqdaryo tumanidagi “Asror hosildor zamin” fermer xo‘jaligi rahbari Asror Abulqosimov. – Mavjud texnikalarimiz eskirib qolganligi ish sifati va samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yarmarkada namoyish etilgan zamonaviy texnikalarning imkoniyatlari bilan tanishib, “TTZ 100HC” traktorini xarid qiladigan bo‘ldik.
Ko‘rgazma-yarmarka davomida texnika va mexanizatsiyalarni sotib olish bo‘yicha yigirmaga yaqin shartnoma imzolandi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Nurqulov ishtirok etdi.
A.ISROILOV.