Ekinlar va sabzavotlarni vertikal holda yetishtirish yo‘lga qo‘yilyapti

Samarqand shahrida “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

2022 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan ushbu tanlovga 2 mingdan ziyod yoshlar qatnashish istagini bildirib, onlayn ariza bilan murojaat qildi. Tanlovning viloyat bosqichida 80 nafar yoshlar o‘z ilmiy loyihalari bilan qatnashdi.

- Bu tanlovda asosan startap loyihalar ko‘rilyapti, - deydi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Alisher Norboyev. – Loyihaning innovatsion yangiligi, mukammalligi, kutilayotgan natijasiga qarab baholanyapti.

Tanlovda yertutning vertikal yo‘nalishda o‘stirish texnologiyasi taqdim etildi.

- Mening loyiham qishloq xo‘jaligi ekinlari va sabzavotlarini vertikal holda yetishtirish, - deydi Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali magistri Bobursher Omonov. – Loyihaning ahamiyati shundaki, ko‘p qavatli xonadonlarga, ofis, binolarga dekorativ bezak berish, qolaversa ro‘zg‘orda bemalol o‘zlari yetishtirib, foydalanib, iste’mol qiladigan darajada tarmoq tizimini ishlab chiqishga bel bog‘laganmiz.

16-25 yosh toifasidagi tanlov ishtirokchilari mini texnologiyalar, robotatexnika, dasturlash, innovatsiya xizmatlari, qishloq xo‘jaligi va biotexnologiyalar yo‘nalishida o‘z loyihalarini taqdim etishdi va 20 nafar munosib deb topilgan loyiha mualliflari tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

G‘oliblar bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida pul mukofoti, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.