Qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish: Uni tashkil etishdan maqsad nima?  

Jomboy tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish ishlariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

Davlat statistika qo‘mitasi, viloyat statistika boshqarmasi hamda tuman hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan seminarda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 26 fevraldagi «Qishloq xo‘jaligi sohasida statistik ma’lumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, respublikamizda 2024 yilda qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshirish belgilanganligi ta’kidlandi.

- Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqich 2022-2024 yillarni o‘z ichiga qamrab olgan tayyorgarlik davri hisoblanadi, - deydi Davlat statistika qo‘mitasi mas’ul vakili O.Siddiqov. – Ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirini qay darajada o‘tkazilishi hamda ro‘yxatdan o‘tkazish natijasida shakllanadigan ma’lumotlarning sifati va haqqoniyligi ko‘p jihatdan ushbu bosqichda amalga oshiriladigan ishlarga bog‘liq. Shu jihatdan Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, 2022 yilning avgust oyida respublikaning 2 ta hududi - Samarqand viloyatining Jomboy hamda Toshkent viloyatining Parkent tumanida sinov tariqasida ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi.

Sinov tariqasida ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari dehqon va tomorqa xo‘jaliklari, dala hovli uchastkalari egalari, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlarda tashkil etiladi. Ushbu toifadagi xo‘jaliklarning har biri bo‘yicha alohida so‘rovnoma shakli ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning qishloq xo‘jaligi faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar so‘rov o‘tkazish va ularning javoblari asosida ma’lumotlarni planshet yordamida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Jomboy tumanida 38 mahalla mavjud, ularga 142 nafar ro‘yxatga oluvchi  mutaxassis jalb qilingan. Ular uchun tegishli uslubiy qo‘llanmalar, video darsliklar, ro‘yxatdan o‘tkazish so‘rovnomalarini to‘ldirish bo‘yicha tushuntirishlar va boshqa tegishli qo‘llanmalar ishlab chiqilgan va o‘quv kurslari tashkil etilgan.

– Menga mahallamiz hududidagi 400 ta xonadon biriktirildi, – deydi Dehqonobod mahallasidan Rahimjon Bahriyev. – Mazkur o‘quv kursida ro‘yxatdan o‘tkazish so‘rovnomalarini to‘ldirish, respondentlar bilan suhbat jarayonida ma’lumotlarni aniq kiritish, shuningdek, planshetdan foydalangan holda so‘rovnomalarini to‘ldirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdim. O‘ylanmanki, olgan bilimlarim menga biriktirilgan hududga faoliyat olib borishimda asqotadi.

Sinov natijalariga ko‘ra, 2024 yilda qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish dasturi, uslubiy qo‘llanmalar va me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish hamda ma’lumotlarni qayta ishlash usullari va qishloq xo‘jaligida ro‘yxatdan o‘tkazish yakunlarini shakllantirish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.

Seminar so‘ngida seminar ishtirokchilari aholi xonadonlarida bo‘lishdi.

Baxtiyor Mustanov.