Qishloqda shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilinadimi?

Respublika ilmiy-amaliy tibbiy markazlari yetakchi shifokorlari bilan aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida shu narsa ayon bo‘ldiki, qishloq joylarda aksariyat aholi tomonidan shaxsiy gigiyena, sog‘lom ovqatlanish qoidalariga deyarli rioya qilinmaydi.

Oqibatda aholi o‘rtasida ovqat hazm qilish kasalligi, qonda yetarli moddalar yetishmasligi, endokrin kasalliklar ko‘paygan. Sababi oddiy. Kechki ovqatni soat 20:00-21:00 larda iste’mol qilishimiz og‘ir asoratlarni keltirib chiqaradi. Bunda jismoniy mehnat bilan mashg‘ul kishilarda ovqat hazm bo‘lish jarayoni osonroq kechar, ammo keksalar, bolalar va ayollarda og‘ir kechadi. Chunki, aksariyat hollarda kechki payt ovqatdan bir soat vaqt o‘tar-o‘tmasdan uxlashadi.

Shuning uchun, ishchi guruh tarkibidagi shifokorlar, mutaxassislar aholiga sog‘lom turmush tarzining asosiy omili bo‘lgan sog‘lom ovqatlanish tartibini tushuntirishga harakat qildik.

Payariq va Oqdaryo tumanlarida ayrim kishilarda aniqlangan birlamchi kasalliklarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatildi, jiddiy kasali bor bemorlarga viloyat va respublika tibbiyot markazlarida davolanish tavsiya etilib, amaliy yordam ko‘rsatildi.

Yana bir muammo – aholi o‘rtasida tibbiy-huquqiy madaniyatning rivojlanmaganida. Ayrim bemorlar o‘n ikki barmoqli ichakdagi yara yoki surunkali gepatit asorati bilan ham nogironlik guruhiga chiqishga urinyapti. Bunday vaziyatda nogironlik guruhi tayinlash bilan bemorning holati yaxshilanmaydi. Ular reabilitatsiya sharoitida davolanish yo‘llarini ko‘rishi lozim. Bunda oilaviy poliklinikaning umumiy amaliyot shifokori bilan individual ish olib borsa, yanayam samarali bo‘ladi.

Ravshan ISOQOV,

Samarqand shahar 60-TMEK raisi,

ekspert-shifokor.